Bugun 16 iyun, 2025 yil, dushanba

КИР

O‘zbekistonda piyoz bir oyda 40 foizga arzonladi — tahlil

O‘zbekistonda piyoz bir oyda 40 foizga arzonladi — tahlil

O‘zbekistonda piyoz narxi bir oyda 40 foizga pastladi, ammo o‘tgan yilgiga nisbatan hali ham uch barobar qimmat.

O‘zbekistonda yangi mavsum piyozi ulgurji narxi may oyining ikkinchi yarmidan pasayishni boshladi va iyun oyining birinchi haftasi davomida tushishda davom etdi. EastFruit tahlilchilari ma’lumotlariga ko‘ra, bir oy ichida narx 40 foizga arzonlashganiga qaramay, u hali ham o‘tgan yilning shu davriga nisbatan uch barobar yuqori darajada qolmoqda.

Bozor ishtirokchilarining ta’kidlashicha, avgust oyigacha piyoz narxi yuqori bo‘lib qolishi mumkin. 9 maydan 6 iyungacha bo‘lgan davrda yangi hosil piyozining o‘rtacha ulgurji narxi 5000 so‘mdan 3000 so‘mgacha tushdi. Bu narx tushishi mamlakat ichki bozorida yangi mavsum piyozining taklifi ortishi bilan bog‘liq.

VESAGRO MCHJ konsalting kompaniyasi rahbari O‘rmonali Usmonovning ta’kidlashicha, yaqin haftalarda piyoz narxi o‘tgan yilgi darajagacha keskin tushishi ehtimoli kam. Uning aytishicha, may va iyun oylari O‘zbekistonda piyoz narxining tushishi va barqarorlashuvi kuzatiladigan davrdir. Bu davrda mamlakatning janubiy hududlarida avgust-sentyabrda ekilgan qishki navlar, markaziy va shimoliy viloyatlarda esa erta va o‘rta mavsum piyoz navlari ommaviy yetiladi.

Biroq shuni ham qayd etish kerakki, joriy yilda aprel-iyun oylarida yig‘ib olinadigan piyoz uchun ajratilgan yer maydoni o‘tgan yilga nisbatan taxminan 30–40 foizga kamaygan. Bu esa ichki bozorda taklif cheklanganligini va narxlarni qo‘llab-quvvatlashini anglatadi.

Usmonovga ko‘ra, piyoz narxining sezilarli darajada tushishi faqat avgust oyida kuzatilishi mumkin. Bu vaqtda noyabr–dekabr oylarida ekilgan piyoz hosili ommaviy ravishda yig‘ib olinadi va ushbu ekish maydoni 2024 yilda ham 2023 yildagi darajada qolgan.

Kiritildi: 19:49 13.06.2025. O'qildi: 642 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!