Oksford universitetining Insoniyat kelajagi instituti tadqiqotchilari koronavirus pandemiyasining uzoq muddatli prognozini e’lon qildi. Prognoz dunyoning 150 mamlakati uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda O‘zbekiston ham bor. Bu haqda "Daryo" yozmoqda.

Unga ko‘ra O‘zbekiston aholisi 31 million 848 ming kishi deb olingan bo‘lib, mamlakatda koronavirus rivojlanishining 4 ta ssenariysi kompyuter modeli asosida ko‘rsatilgan.

1. Koronavirus tarqalishini oldini olish bo‘yicha hech qanday choralar ko‘rmaslik

  • har bir odam o‘rtacha hisobda boshqa 2,6 odamga kasallikni yuqtiradi;
  • bir vaqtning o‘zida kasallanganlar soni 88 mingdan 1,3 milliongacha bo‘ladi (umumiy aholining 0,3-4 foizi);
  • kasallanganlarning umumiy soni 18-23 millionni (58-73 foizni) tashkil qiladi;
  • epidemiya iyun oyida cho‘qqisiga chiqadi, keyin keskin pasayadi. Epidemiyaning ikkinchi to‘lqini noyabr oyida boshlanib, 2021 yil mart oyigacha davom etadi.

2. Koronavirus tarqalishi tezligini 20 foizga pasaytirish

  • bu modelda har bir odam o‘rtacha hisobda boshqa 2 odamga kasallikni yuqtiradi;
  • bir vaqtning o‘zida kasallanganlar soni 130 mingdan 820 minggacha bo‘ladi (umumiy aholining 0,4-2,6 foizi);
  • kasallanganlarning umumiy soni 14-21 millionni (45-67 foizni) tashkil qiladi;
  • epidemiya iyul oyida cho‘qqisiga chiqadi, keyin keskin pasayadi. Epidemiyaning ikkinchi to‘lqini dekabr oyida boshlanib, 2021 yil mart oyigacha davom etadi.

3. Koronavirus tarqalishi tezligini 50 foizga pasaytirish

  • bu modelda har bir odam o‘rtacha hisobda boshqa 1,3 odamga kasallikni yuqtiradi;
  • bir vaqtning o‘zida kasallanganlar soni 11 minggacha bo‘ladi (umumiy aholining 0,03 foizi);
  • kasallanganlarning umumiy soni 520 mingni (1,6 foizni) tashkil qiladi;
  • epidemiya cho‘qqisi kuzatilmaydi

4. Koronavirus tarqalishi tezligini 80 foizga pasaytirish

  • kasallangan odam o‘rtacha hisobda boshqa 0,5 odamga kasallikni yuqtiradi;
  • bir vaqtning o‘zida kasallanganlar soni 210 nafardan 3,4 minggacha bo‘ladi (umumiy aholining 0,01 foizi);
  • kasallanganlarning umumiy soni 6,6-9,8 mingni (0,02-0,03 foizni) tashkil qiladi;
  • epidemiya cho‘qqisi kuzatilmaydi, to‘liq nazoratda bo‘ladi.

Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, bu natijalar haqiqiysidan farq qilishi, ko‘riladigan choralar natijasiga bog‘liqligi, vaziyatning yumshatish odamlarning o‘z qo‘lida ekanligi aytilgan. Shuningdek, ayrim yumshatish choralari darajasini hisobga olganda ham natijalar noaniqligicha qolishi va unga quyidagi omillar ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlangan:

  • virusning mavsumiyligi va uning va ob-havo sharoitlariga reaksiyasi;
  • boshqa mamlakatlarning virus oqibatlarini yumshatish borasidagi choralari;
  • testdan o‘tkazish jarayonidagi texnik progress, kontaktlarni izlab topish usuli va vaksinasiya.