Bugun 17 sentyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 3,9 foizga tushdi

O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 3,9 foizga tushdi

O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 5,8 foizdan 3,9 foizga pasaydi. Bu haqda Bandlik vazirligi xabar berdi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning dastlabki sakkiz oyida 515 mingta oila uchun individual rejalar ishlab chiqilgan. Ushbu rejalar doirasida 161 ming nafar fuqaro ish bilan ta’minlangan, yana 304 ming nafar aholi tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilingan.

Shuningdek, mahallalarda qariyb 55 mingta mikroloyiha ishga tushirilgan. Ularning amalga oshirilishi natijasida 164 ming nafar aholining daromadi oshgani qayd etilgan.

Ko‘rilgan choralar natijasida 49 ta tuman va 3429 ta mahalla «kambag‘allikdan xoli» hududga aylangani ma’lum qilindi.

Bandlik va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni takomillashtirish maqsadida «avval tashxis — keyin yechim» tamoyiliga asoslangan yangi diagnostika tizimini joriy etish rejalashtirilgan.

Yangi tizim doirasida fuqarolar xonadonma-xonadon o‘rganiladi va ular haqidagi ma’lumotlar «Onlayn mahalla» tizimiga kiritiladi. Ishsizlik hamda kambag‘allikning kelib chiqish sabablari aniqlangach, har bir fuqaro uchun individual reja ishlab chiqiladi. Shuningdek, tegishli ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan «Ombor kitobi» shakllantiriladi.

Sun’iy intellekt yordamida fuqarolar tegishli toifalarga ajratilib, ularga biriktirilgan mas’ullar — «mahalla yettiligi» tomonidan ish olib boriladi. Tuzilgan rejalar tasdiqlanadi va har chorakda qayta ko‘rib chiqilib, yangilanadi.

Vazirlik, shuningdek, ayni paytda hokimlar rahbarligida «favqulodda shtablar» faoliyati yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi.

Belgilangan vazifalarga ko‘ra, 2026 yil yakuniga qadar yana 230 mingta oilani kambag‘allikdan chiqarish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, 1 million nafar aholining daromadini oshirish vazifasi belgilangan.

Kiritildi: 10:30 16.09.2026. O'qildi: 530 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!