Bugun 28 aprel, 2024 yil, yakshanba

КИР

O‘zbekistonda ishsizlik, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ishsizlik muammosi bo‘lmasligi kerak

O‘zbekistonda ishsizlik, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ishsizlik muammosi bo‘lmasligi kerak

Biz mamlakatimizda ishsizlik, ayniqsa, yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik muammosi bo‘lmasligi kerak, deb hisoblaymiz. Fuqarolar bandligini to‘liq ta’minlash va mehnatga munosib haq to‘lash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, mehnat bozori infratuzilmasining muvozanatlanganligi va rivojlanishiga erishish, ishsizlik darajasini qisqartirish mamlakat ijtimoiy-ig‘tisodiy rivojlanishining muhim sharti hisoblanadi. Biz “Tadbirkorlik — aholi bandligining garovi!” g‘oyasi hayotimizga to‘liq joriy etilishiga intilamiz va yangi ish o‘rinlarini tashkil etish bo‘yicha davlat buyurtmasi amaliyotini qo‘llab-quvvatlaymiz.

Partiyamiz mazkur yo‘nalishda ish o‘rinlari zaxirasini yaratish, aholi, jumladan, xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy yordamga muhtoj boshqa toifalari, eng avvalo, yoshlarni ishga joylashtirishda yangi usullardan foydalanish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish, real ish haqi barqaror o‘sishiga ko‘maklashuvchi soliq siyosatini amalga oshirish chora-tadbirlarini taklif etmoqda. 

Kichik biznes va fermerlikni ish o‘rinlarini yaratuvchi generator sifatida izchil qo‘llab-quvvatlaymiz. Oilaviy tadbirkorlik, kasanachilik, tomorqa xo‘jaligi va xususiy tadbirkorlikni aholi bandligini ta’minlash hamda fuqarolar oilaviy byudjeti daromadlarini o‘stirishning eng samarali shakllaridan biri sifatida ko‘ramiz. Shu ma’noda, ishga layoqatli aholi uchun ularning mehnatga doir va tadbirkorlik faolligini yuzaga chiqarish, ishchi kuchining sifatini yaxshilash, bozor talablarini hisobga olib, ishga joylashishga muhtoj bo‘lgan shaxslarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, oilaviy tadbirkorlik, kasanachilik, tomorqa xo‘jaligi va xususiy biznes bilan mashg‘ul fuqarolarning zamonaviy mashina, uskuna, xom ashyo va materiallar xarid qilishi uchun moliyaviy resursdan foydalanish imkoniyatlarini yanada yaxshilash, ularga marketingni o‘rgatish, kasanachilik mahsulotlari (ishlar va xizmatlar) ishlab chiqarilishini tashkil etish maqsadida buyurtmachilarni izlash hamda bozorda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarishi uchun tadbirkorlikning boshqa sub’ektlari bilan kooperasiyaga kirishishiga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni izchillik bilan davom ettiramiz.

Ma’lumki, keyingi yillarda yurtimizda tashqi mehnat migrasiyasi jarayonlarini tartibga solish, vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga jo‘nab ketayotgan fuqarolar huquq va manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash, ularga zarur huquqiy, ijtimoiy, axborot-maslahat yordami ko‘rsatish va moddiy qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘lamli sa’y-harakatlar olib borilayotganiga qaramay, yangi ish o‘rinlari tashkil etishda davlat buyurtmalarini ishlab chiqish, ayniqsa, aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlami uchun ish joylari kvotasini belgilash, aniq maqsadga yo‘naltirilgan kompleks tadbirlarni amalga oshirishda qator muammolar mavjud.

Ularni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining amaliy takliflari asosida davlatimiz rahbarining 2019 yil 20 avgustdagi “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila a’zolarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish choralari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur hujjatda fuqarolarni xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish, ular huquqlarini himoya qilish mexanizmini kuchaytirish, mehnat migrasiyasidan qaytib kelgan shaxslar, shuningdek, ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan aniq vazifalar ko‘zda tutilgan.

Shunga muvofiq, mehnat migrantlariga bir yil muddatga so‘raladigan hujjatlar minimal paketi (pasport, ariza, mehnat organi iltimosnomasi) garov ta’minotisiz, uni tezlashtirib, bir bank ish kuni davomida berishni rasmiylashtirish ma’qullandi. Shuningdek, xorijda ishga joylashish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatni to‘lash uchun 2 million so‘m miqdorida mikroqarz berish tizimi joriy etilmoqda. Bundan tashqari, hujjatga ko‘ra, endilikda vaqtincha mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish uchun xorijga jo‘nash istagini bildirgan shaxslarga onlayn rejimida ishga joylashish tartibi, ularning huquq va majburiyatlari, qonunchilikda nazarda tutilgan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida axborot berib boriladi, uy-joy sharoitini yaxshilashga ehtiyojmand mehnat migrantlariga 2020 yilda ko‘p kvartirali uylardan 3462 ta xonadon ajratiladigan bo‘ldi.

Biz saylovoldi dasturimizda aholining to‘la bandligini ta’minlash va mehnatga munosib haq to‘lash, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda ishsizlik darajasini qisqartirish kabi o‘ta muhim vazifalarni belgilab olganmiz. 

Partiya kelgusi faoliyati davomida O‘zbekistonning xalqaro ishchi kuchi bozoriga bosqichma-bosqich kirib borishi, mehnat migrasiyasi jarayonlarini tartibga solish, o‘z uyi, oilasini tashlab uzoq yurtlarda daromad topish maqsadida ishlayotgan yurtdoshlarimiz haq-huquqlari, qonuniy manfaatlari kafolatlarini kuchaytirish, jamiyatda ularga nisbatan bildirilayotgan har qanday salbiy munosabat va fikrlarga qarshi turish hamda davlatlararo hamkorlikni mustahkamlashga doir “Mehnat migrasiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish tashabbusini ko‘rsatmoqda.

Mavludaxon XO‘JAYEVA,

O‘zLiDePdan Oliy Majlis

Qonunchilik palatasi

deputatligiga nomzod

Kiritildi: 12:01 05.12.2019. O'qildi: 3468 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!