1890 yildan shu kungacha O‘zbekistonda havo haroratining yillik o‘rtacha ko‘rsatkichi 1,7 daraja ko‘tarilgan. Global miqyosda esa harorat o‘rtacha 0,7 daraja oshgan. Bu haqda 4 iyunda Jahon atrof muhitni muhofaza qilish kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan konferensiyada ma’lum qilingan.
O‘zgidromet hisobiga ko‘ra O‘zbekistonda havo haroratining o‘rtacha ko‘rsatkichi sezilarli darajada oshgan, deb yozmoqda minbar.uz. Keyingi 60 yil ichida harorat 40 darajadan baland bo‘lgan kunlar soni ko‘paygan.
«Issiqxona gazlari inventarizasiyasi xulosasiga ko‘ra, O‘zbekistonda atmosferaga chiqarilayotgan is gazi emissiyasi 1990 – 2012-yillarda 63 foizdan 51 foizga, azot oksidi esa 1 foizga tushgan. Metan chiqarish esa 30 foizdan 43 foizga oshgan», – deydi Olga Belorussova.
O‘zgidrometga ko‘ra 2012 yilda chiqarilayotgan issiqxona gazlarining 82 foizi energetika sektori (transport, issiqlik va elektr energetikasi, kommunal xizmatlar) hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Markaziy Osiyoda iqlim isishining oqibati jiddiy bo‘lishi mumkin
Global iqlim o‘zgarishi turli mintaqalarda turlicha kechadi. Markaziy Osiyo uchun global iqlim o‘zgarishi boshqa mintaqalarga nisbatan keskin bo‘lishi mumkin.
Bu o‘zgarishlarda transchegaraviy daryolar etagida joylashgan davlatlar – O‘zbekiston, Turkmaniston va Qozog‘iston ko‘proq zarar ko‘radi. Ular bilan suv boshidagi davlatlar – Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida suv masalasida ziddiyatlar kelib chiqishi mumkin.