O‘zbekistonda 2026 yilning dastlabki to‘qqiz oyida tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish maqsadida 107 167 ta himoya orderi rasmiylashtirilgan. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lum qildi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur davrda 58 431 ta so‘rovnoma o‘tkazilgan. Kunduzgi qatnov asosida esa 43 449 ta xizmat ko‘rsatilgan.
Birlamchi ko‘mak xonalarida 5 995 nafar ayol va 2 842 nafar bola yordam olgan. Hududiy reabilitasiya markazlarida esa 1 132 nafar ayol va 1 575 nafar bolaga xizmat ko‘rsatilgan.
Reabilitasiya dasturini 880 nafar shaxs tamomlagan, yana 252 nafarining reabilitasiya jarayoni davom etmoqda.
Hududiy reabilitasiya markazlarida jami 13 779 ta xizmat ko‘rsatilgan. Bu ko‘rsatkich 2,4 baravarga oshgan. Xizmatlarning 5 943 tasi psixologik, 4 644 tasi huquqiy va 3 192 tasi ijtimoiy xizmatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Shuningdek, 453 nafar shaxs kasb-hunarga o‘rgatilgan, 836 nafariga tibbiy yordam olishda ko‘maklashilgan. 352 nafar bolani maktabga, 541 nafarini esa bog‘chaga joylashtirishga yordam berilgan.
Bandlik yo‘nalishida 363 nafar shaxsga ko‘mak ko‘rsatilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ularning 230 nafari norasmiy sektordan, 133 nafari esa hozirda rasmiy bandlikka ega. Shuningdek, 26 nafar shaxs tadbirkorlik faoliyatini boshlagan.
Psixologik xizmatlar doirasida ayollarga 4 706 ta, bolalarga esa 1 237 ta xizmat ko‘rsatilgan.
Huquqiy yordam yo‘nalishida 1 054 ta maslahat berilgan, sudlarga 810 ta ariza kiritilgan. Shuningdek, aliment bo‘yicha 305 ta, ijro harakatlari bo‘yicha 223 ta, uyga kiritish bo‘yicha 76 ta, hujjatlarni tiklash bo‘yicha 37 ta va mulkni bo‘lish bo‘yicha 30 ta amaliy yordam ko‘rsatilgan.