Mamlakatimiz avtomobil yo‘llarida sodir etilgan avtohalokatlar tahliliga nazar tashlar ekanmiz, 18 yoshga to‘lgan o‘g‘il-qizlar tomonidan haydovchilik guvohnomasini olib, yo‘l-transport hodisasini sodir qilayotganlar ham kam emas. Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida haydovchilik guvohnomasini olganiga 2 yil bo‘lmagan haydovchilar tomonidan 612 ta yo‘l-transport hodisalari sodir etilgan bo‘lib, ularning oqibatida 191 nafar fuqarolarimiz hayotdan bevaqt ko‘z yumishgan bo‘lsa, yana 571 nafari turli darajadagi tan jarohatlari olishgan. Yo‘l-transport hodisalarining oldini olishda haydovchining yo‘l harakati qoidalarini o‘zlashtirganligi, tajribasi, yoshi va madaniyati juda muhim o‘rin tutadi.
Fuqaro Baqoyev Javoxir Yaxyo o‘g‘lining “O‘zbekistonda 16 yoshdan avtomobil boshqarishga ruxsat berish haqidagi” “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portaliga joylashtirilgan taklifi yuzasidan IIV YHX Bosh boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qiladi.
Ushbu normalar qaror loyihalari ishlab chiqilish jarayonida xorijiy davlatlarning tajribalari o‘rganilib kiritilgan va bu talablar Yo‘l harakati to‘g‘risidagi (1968 yildagi Vena Konvensiyasi) Konvensiya normalariga mosdir.
Misol uchun: Shvesiya, Fransiya, Avstriya, Estoniya, Norvegiya va ayrim Yevropa davlatldarida huddi bizning normativ hujjatlarda belgilanganidek 16 yoshda uncha katta bo‘lmagan motosikllar(mopedlar)ni, 18 yoshda avtotransport vositasini boshqarishga ruxsat etiladi.
16 yoshli bolalarda hali “Men” degan fikr so‘nmagan bo‘lishi, maqtanishni, “oliftalikni” yaxshi ko‘rishi, buning oqibatida esa yo‘l harakati qoidalariga amal qilmaslik, mensimaslik yoki qasddan tengdoshlariga, do‘stlariga avtomobilini maqtanish uchun yo‘l harakati qoidalariga qarshi harakat qilishi mumkin, bu esa fojiyali oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB