Bugun 5 may, 2025 yil, dushanba

КИР

O‘zbekiston — Xitoy: hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari

O‘zbekiston — Xitoy: hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari

Ma’lumki, Markaziy Osiyo va Xitoy munosabatlari ildizi bir necha ming yillik tarixga borib taqaladi. Bugungi kunda O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari yangi davrga, sifat jihatdan yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda.

Ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, ta’lim, madaniy-gumanitar hamkorlik, shuningdek, xavfsizlik, yuqori texnologiyalar va sog‘liqni saqlash sohasidagi aloqalar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan.

Yaqin yillar ichida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik munosabatlar jadal va barqaror tus oldi. Ikki davlat rahbarlarining o‘zaro tashriflari va uchrashuvlari natijasida barcha darajadagi hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanib, yangi bosqichga ko‘tarilib bormoqda.

Bugungi kunda Xitoy O‘zbekiston tashqi siyosatida muhim o‘rin tutib, u mamlakatimizning strategik sheriklaridan biri va eng asosiy savdo-iqtisodiy hamkori hisoblanadi. Ayniqsa, keyingi yillarda savdo-iqtisodiy sohada dinamik o‘sish barcha jabhalarda namoyon bo‘lmoqda.

Xususan, O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida yuqori ulushga ega bo‘lgan hamkor davlatlar orasida Xitoy yetakchi o‘rinni egallab kelmoqda. Hatto, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi hajmi 2023 yilda salkam 14 mlrd. dollarga yetib rekord natijani tashkil etgani e’tirofga loyiq.

Albatta, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarning izchil rivojlanishida oliy darajadagi davlat tashriflarining ahamiyati beqiyosdir. Ushbu tashriflar o‘zaro ishonch va do‘stlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Garchand, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki yillarida boshlangan bo‘lsa-da, 2017 yil 12 may kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga tashrifi ushbu mamlakat bilan o‘zaro hamkorlikning mutlaqo yangi bosqichini boshlab berdi.

Ushbu tashrif natijasida ikki davlat o‘rtasida har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarila boshladi. 2017-2024 yillar oralig‘ida O‘zbekiston Prezidenti bir necha bor davlat tashrifini amalga oshirdi va bir qancha xalqaro tadbirlar doirasida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi bilan samarali muloqotlari bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilning 23-25 yanvar kunlari davlatimiz rahbarining Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan ushbu mamlakatga davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tardi, deb bemalol ayta olamiz.

Tashrif davomida har tomonlama strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim muzokaralar o‘tkazildi va salmoqli hujjatlar to‘plami imzolandi. Shu bilan birga, ishbilarmonlik tadbirlari davomida Xitoyning yirik va dunyoga mashhur biznes vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Bu albatta, mamlakatimiz iqtisodiyotiga xitoy investorlarini keng jalb qilish va ular orqali hududlar iqtisodiy salohiyatini oshirishda muhim qadam bo‘ldi.

Yuqorida ta’kidlanganidek, o‘tgan yilda tovar ayirboshlash 50 foizga oshib, rekord ko‘rsatkich – 14 milliard dollarga yetgan. Kelgusida bu ko‘rsatkichni, shu jumladan yuqori sifatli sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish, ayrim turdagi mahsulotlar bo‘yicha imtiyozli savdoni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida yangi hukumatlararo bitim tuzish orqali o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini
20 milliard dollarga yetkazish mumkin.

Oxirgi yillarda Xitoyning mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritayotgan investisiyalar hajmi besh barobar, qo‘shma korxonalar soni esa uch barobarga oshdi.

Qayd etish joizki, ikki mamlakat o‘rtasida ta’lim va turizm sohasidagi hamkorlik ham faollashib bormoqda. O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida o‘zaro madaniyat kunlarini o‘tkazish amaliyoti joriy qilindi. Hatto, Prezidentimiz tashrifi chog‘ida Xitoy poytaxtida O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkazilayotgani ushbu mamlakat bilan madaniyat sohasidagi hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilishida muhim qadam bo‘ldi.

Shuningdek, ikki davlatning Parlamentlararo hamkorligi ham faollashdi. Ayniqsa, oxirgi yillarda “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida Xitoyning olib borayotgan siyosati O‘zbekiston siyosati bilan hamohangligi hamda keyingi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari, mintaqadagi tinchlik va barqarorlikni ta’minlashdagi tashabbuslari e’tiborga molikdir.

Ishonchim komilki, davlatimiz rahbarining Xitoyga tashrifi kelgusida har ikki mamlakat ravnaqi, tinchlik va farovonlik hamda o‘zaro manfaatli hamkorligini yanada mustahkamlaydi.

Kiritildi: 12:08 31.01.2024. O'qildi: 3750 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!