Bugun 30 may, 2025 yil, juma

КИР

O‘zbekiston va Qozog‘iston savdo hajmini 10 milliard dollargacha oshiradi

A A A
O‘zbekiston va Qozog‘iston savdo hajmini 10 milliard dollargacha oshiradi

Joriy yilning 22-sentyabr kuni Investisiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va Qozog‘iston Respublikasi Savdo va integrasiya vaziri Arman Shaqqaliyev o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Muloqot chog‘ida tomonlar joriy qo‘shma loyiha va kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni, shuningdek, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, transport-logistika va hududlararo hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini atroflicha ko‘rib chiqdilar.

Bugungi kunda Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining 2022-yil dekabr oyida mamlakatimizga tashrifi chog‘ida imzolangan 7 ta savdo shartnomasi va 24 ta qo‘shma investisiyaviy bitim amalga oshirilmoqda. Samimiy ruhda kechgan suhbat ushbu kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarni o‘zaro muvofiqlashtirish imkonini berdi.

Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi o‘sishining ijobiy dinamikasini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Oxirgi 6 yilda bu ko‘rsatkich qariyb 2,5 barobar oshib, 4,6 milliard dollarni tashkil etdi. Shu nuqtai nazardan, o‘zaro savdo hajmini yanada oshirish va ko‘lamini kengaytirish yuzasidan vazifalar belgilandi.

Xususan, oziq-ovqat, to‘qimachilik, avtomobil, elektr jihozlari, qora metallar, neft-gaz mahsulotlarini yetkazib berish hisobiga savdo ko‘rsatkichlarini yaqin yillarda 10 milliard dollargacha oshirish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi. Joriy yilning bahorida tashkil etilgan va o‘tgan oylarda 1,3 million dollarlik mahsulot eksport qilishga muvaffaq bo‘lgan qo‘shma tashqi savdo kompaniyasi bunga hissa qo‘shishiga ishonch bildirildi.

Muloqotda, shuningdek, sarmoyaviy sheriklik va sanoat kooperasiyasi ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi hamda energetika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, transport va tomonlarni qiziqtirgan boshqa sohalardagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning bugungi holati ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida erishilgan kelishuvlarni hayotga joriy qilish va o‘zaro manfaatli munosabatlarning yangi yo‘nalishlarini belgilash yuzasidan kelgusida hamkorlik qilish formati bo‘yicha kelishib olindi.

Kiritildi: 08:02 24.09.2023. O'qildi: 1755 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!