Bugun 3 may, 2024 yil, juma

КИР

O‘zbekiston o‘likxonalarida murdalar sotiladimi?

O‘zbekiston o‘likxonalarida murdalar sotiladimi?

Atrofimizda faoliyati muhim, lekin biz buni yaxshi bilmaydigan kasb egalari ko‘p. Ular ham jamiyatimizning bir qismi. Biroq gohida ayrim insonlar ular bilan muloqot qilgani or qiladi. Uyaladi! Ammo ular ham odam. Inson! Ularning ham ko‘ngli, his- tuyg‘ulari bor.

«Daryo» ijtimoiy hayotda o‘z o‘rniga ega, biroq jamoatchilik e’tiboridan ko‘pincha chetda qoladigan kasb egalari bilan suhbat qildi. Loyihaning bu galgi qahramoni sud ekspertiza xizmatida ishlayotgan kishi.

Uning iltimosiga ko‘ra, ism sharifi hamda shaxsini oshkor etishi mumkin bo‘lgan boshqa ma’lumotlar o‘zgartirildi.

Sud ekspertiza xizmatida 25 yildan buyon ishlayman. Kasbimiz tibbiyot va huquq tartibot organlari faoliyati bilan bog‘liq. Shuning uchun ham boshimiz mojarolardan chiqmaydi. Oldimizga mushtlashib jarohat olganlardan tortib, jinsiy zo‘ravonlik, qizlarda bokiralikni aniqlash, qotillik, xullas, tergovga aloqador bo‘lganlarning barchasi keladi.

Aytaylik, kimdir tan jarohati oldim deb milisiyaga bordi yoki kasalxonaga yotib oldi. Shunday paytda tergovchi yoki uchastka noziri u simulyasiya qilyaptimi yoki haqiqatdan ham jarohat olganligini aniqlash uchun bizga so‘rov yuboradi. Agar unda jarohat bo‘lsa, o‘zi aytganday holatdami, vaqtdami, jarohat nima bilan yetkazilgan va uning og‘irlik darajasi qandayligini tekshiramiz.  Ehtimol arizachi tuhmat qilyotgandir? Shunday holatlar borki, men palonchidan homilador bo‘lib qoldim yoki bolam mana bundan, menga aliment to‘lasin, deb sudga ariza beradi. Shunga o‘xshash  muammoli vaziyatlarda ekspertizalar tayinlanadi. Qisqa qilib aytganda, kasbimizning mas’uliyati juda og‘ir. Ekspert bergan xulosaga qarab, gumonlanuvchi jinoiy yoki ma’muriy jazoga tortilishi mumkin.

Faktlar misolida aytadigan bo‘lsam, 2018 yilda 29 mingga yaqin ekspetiza o‘tkazdik. Shulardan 1321 tasi murdalar, 16389 tirik shaxs va qolgani laboratoriya tekshiruvlaridir.

Morg — sud ekpertiza xizmatining eng muhim yo‘nalishi hisoblanadi

Bu yerda zo‘raki yoki gumonlangan barcha o‘liklar eskpertizadan o‘tkaziladi. Aniqroq aytadigan bo‘lsam, zo‘raki o‘limlar tashqi ta’sir natijasida yuz beradi. Ya’ni o‘zini osish, qotillik, avtohalokat yoki elektr urib o‘ladimi, xullas,  ajali bilan vafot etmagan barcha murdalar tekshiriladi. Inson ishga deb ertalab chiqib ketib yo‘lda yoki choyxonada o‘rtoqlari bilan o‘tirganda va yo darsda o‘tirgan o‘quvchi to‘satdan vafot etsa, birov buni zaharlab qo‘ymadimi, bo‘g‘ib qo‘ymadimi, ehtimol ana shu joyda qandaydir janjal bo‘lgandir-u balki yashirishayotgandir? Ana shu paytda zo‘raki o‘limga gumon bo‘ladi. O‘lim sababini aniqlash uchun ham murdalar ekspertizaga olib kelinadi.

Yana bir holat kasalxonada bemor kasalligi natijasida vafot etsa-yu, marhumning qarindosh-urug‘lari tibbiyotga nisbatan shikoyat e’tirozi bo‘lsa, bunday holatda ham murda ekspertizadan o‘tadi. Yoki o‘lgan chaqaloq murdasi topilsa, onasi kim, u qachon tug‘ilgan, o‘likmi yoki tirik tug‘ilganmi, tirik bo‘lsa necha soat yashagan, o‘limdan keyin chaqaloqqa parvarish bo‘lganmi yoki yo‘qmi—shuni aniqlaymiz.

Bola bilan bog‘liq holatlarda 2 ta jihatga alohida e’tibor beriladi. Masalan, agar ona bolasini tug‘ib bir sutka ichida o‘ldirsa, bu bola o‘ldirish yoki keyin o‘ldirsa qasddan o‘ldirish hisoblanadi. Birinchi holatda qasddan o‘ldirishga nisbatan yengilroq jazo qo‘llaniladi. Nima uchun axir ikkisida ham bola o‘lyapti-ku, deyishingiz mumkin. Lekin bizning qonunchiligimizda mentalitet, insonparvarlik nuqtai nazaridan kelib chiqib shunday yengillik berilgan. Ya’ni tug‘ruqni boshdan kechirgan ona o‘sha paytda o‘z xatti-harakatlariga to‘liq javob bera olmaydi. Shuning uchun ham eskilar «Tug‘gani ketayotgan ayol ikki yo‘lning orasida bo‘ladi»,— deyishadi.

Murdalar qanday tekshiriladi?

Murdalarni tekshirishning o‘ziga xos usullari bor. O‘lik qancha erta, ya’ni chirish jarayoni boshlanmasdan olib kelinsa, shuncha tez aniqlaymiz. Bolalar murdasini tekshirishning o‘z «formulasi» bor. Masalan, chaqaloqning tirik yoki o‘lik tug‘ilganini aniqlash uchun o‘pkasi suvga solinadi. Nafas olgan o‘pka bo‘lsa suvga cho‘kmaydi. O‘lik tug‘ilgan bo‘lsa – cho‘kadi. Keyin chaqaloqning o‘lchamlariga qarab ham ko‘p narsani aniqlash mumkin. Xullas, bola nimadan o‘lganini aniqlashning yo‘llari ko‘p.

Murdalar belgilangan ekspertlar va texnik yordamchi bilan birga 3 xil usulda yorib ko‘riladi, ya’ni uning kalla, ko‘krak qafasi va qorin bo‘shlig‘i ochiladi. Agar murdaning giyohvandligiga gumon bo‘lsa, ichki a’zolardan parchalar olinadi. Kerakli tekshiruvlar o‘tkazilgandan keyin yana a’zolar o‘z joyiga qo‘yib qo‘yiladi. Jarayon kamera orqali  kuzatib turiladi, lekin uning ma’lumoti hech qayoqqa chiqmaydi. Faqat tergovchining ruxsati bilan beriladi. Tergov siri oshkor qilinmaydi.

Avvallari o‘zini osishlar asosan mavsumga qarab bahor va kuzda ko‘p kuzatilardi. Hozir esa odamlar mavsumga ham qaramay qo‘ydi. Qasddan odam o‘ldirish kamaygan. Oxirgi paytda avtohalokat tufayli va yoz bo‘lgani uchun suvda cho‘kkanlar ko‘p olib kelinyapti.  Mana bugun ham morgga 3 ta o‘lik keldi, barchasi avtohalokatda halok bo‘lgan.

Murdalar uzog‘i bilan 1 haftagacha saqlanadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining o‘liklar bo‘yicha yo‘riqnomasi chiqqan. Murdalar aslida prokuror ruxsat bergunicha saqlanishi kerak. Lekin o‘zbekchilik, mentalitet deymiz. O‘likni tekshirib bo‘lishimiz bilanoq, yaqinlariga berib yuboramiz. Shaxsi noma’lum o‘liklar bo‘lsa, muzlatkichlarda yozni kunida 3 kun, qishda esa 1 haftagacha saqlanadi. Prokuror ruxsat bersa hech kimi yo‘q, shaxsi noma’lum murdalarni ko‘madigan Fuqarolarga xizmat ko‘rsatish byurosi bor. Ular bilan bog‘lanamiz. Har bir murda uchun belgilangan summa (taxminan 140 ming so‘m) tashkilot hisob raqamiga o‘tkaziladi. Keyin ular mayitni olib ketib o‘zlari ko‘mishadi.

Morgda o‘liklar sotilmaydi

Odamlar orasida o‘likxonada murdalar sotiladi yoki ulardan o‘z maqsadlarida foydalanishadi degan har xil mish-mishlar yuradi. Mana shu qarashlar ishimizda doim xalaqit beradi. Masalan, mayit ekspertizaga olib kelinganda uning yaqinlari tekshirishga ruxsat bermaydi. «Yo‘q, o‘likni yormaysan, sog‘ a’zolarini olib qolasan», deb janjal ko‘taradi.

To‘g‘ri, yaqinidan ajralish og‘ir, iloji boricha ularning holatini tushunishga harakat qilamiz. Lekin o‘likni yormasdan vaziyatni oydinlashtirib bo‘lmaydi-da. Tasavvur qiling, bir odam suvda cho‘kib vafot etdi. Balki uni kimdir zaharlab o‘ldirgandir, balki o‘ldirib keyin suvga tashlab yuborgandir? Bularni aniqlash uchun tanasini yorib ko‘rishga majburmiz. Bo‘lmasa jinoyatni ochib bo‘lmaydi. Qancha tushuntirmaylik, qarshilik qilaveradilar. Lekin tibbiyotdan xabari bor odam biladi. O‘lgan odamni a’zosi transplantasiya uchun yaramaydi.

Chunki odam o‘lganidan keyin uning organizmida chirish boshlanadi. Hech kim va hech qachon o‘lgan hujayrani tiriltirib, ishlatib yuborolmaydi. Amerikada ham kosmosda ham. Chet elda qilinadigan operasiyalarda donorni faqat tirik odamdan oladi. O‘likni a’zosidan hech qachon foydalanilmaydi. Murdani biror a’zosini olib, idishlarga solib qo‘yish faqat kinolarda bo‘ladi, hayotda emas. Ba’zan o‘ylanib qolaman. Balki oliy o‘quv yurtlarida mana shu narsalar haqida ma’lumot beradigan darslar kiritilishi kerakdir?

Qonunchiligimizda ham murdaning ichki a’zolaridan hatto o‘quv-ilmiy maqsadda foydalanish ham man qilingan. Shuning uchun o‘likxonadagi barcha murdalar ko‘mib yuborilgan, hatto sohaga oid barcha institutlardan ham olib qo‘yilgan. Hozir bechora tibbiyot oliygohi talabalari 6 yil o‘qib, vaqti kelsa biror marta odamning ichki a’zosini ko‘rmay bitirib ketyapti.

O‘likni yorib ko‘rish GUNOHmi?

Gohida «o‘likni yorma, Xudodan qo‘rqmaysanmi, kofirmisan?» deyishadi. O‘zimga ham aytganlar ko‘p bo‘lgan. Ana shunday insonlarga Arabistonda diniy ulamolar tomonidan yozilgan va Shayx Abdulaziz Mansur tahriri ostida o‘zbek tiliga tarjima qilingan «Ming bir fatvo» kitobini ko‘rsataman. Kitobda sohamiz bilan bog‘liq ko‘plab munozarali savollarga javob berilgan. Masalan 384-fatvoda «homilador ayol o‘lib qolsa, qornidagi bolani qimirlagani ma’lum bo‘lsa, qornini yorib bola chiqarib olinishi» aytilgan bo‘lsa, 445-fatvoda esa «mayitni qornini yorish masalasida sha’riy uzr bilan bo‘lsa joiz»ligi yozilgan. Mayit zaharlanib o‘lgan bo‘lsa uni aniqlash, gumon qilingan odamni tuhmatdan halos qilish maqsadida mayitni yorib, ichki a’zolarini ko‘rishga fatvo berilgan. Qabrni ochib tekshirish masalasi bo‘yicha ham 444-fatvoda dafn etilgan mayit uzrli holatlarda ochilib, qayta dafn etish mumkinligi haqida dinda ham ruxsat bor.

Bundan ancha yillar oldin bir inson shayx hazratlaridan mayitni yorib ko‘rish gunohmi, kasbimiz islomga to‘g‘ri kelmaydimi, deb so‘raganida hazrat: «Men biror bir kitobda mayitni yorish gunoh» deganini ko‘rmaganman deb javob bergan ekanlar.

O‘liklar yorilmaganda tibbiyot bu darajaga yetmasdi

Endi tibbiyot nuqtai nazaridan olib qaralganda-chi? Aytingchi, hozir jarrohlar nimaga tayanib operasiya qilyapti? Chunki qo‘llarida asos bor, ya’ni odamning ichki a’zolarini topografik joylashuvi—atlasi mavjud. Ana shunga qarab bemalol operasiya qiladi. U qayerdan paydo bo‘ldi deb o‘ylaysiz? Atlasni rus olimi Pirogov yaratgan. U birinchi jahon urishi paytida o‘lgan askarlarni yorib ko‘rgan. O‘qni kirish-chiqish teshigi qayerda, odamni jigari, ichki a’zolari, qon aylanishi, umuman, odam organizmining ishlashiga oid barcha ma’lumotlarni o‘rgangan. Shuning uchun bugun shifokorlarda tayyor atlas bor. Ishlarini muvaffaqiyatli amalga oshiryapti. Lekin agar o‘liklar yorib  o‘rganilmaganda tibbiyot shu darajaga kelarmidi? Jinoyatlar ochilarmidi?

Davlat ekspertizaga hamisha muhtoj 

Oxirgi paytlarda tirik shaxslar o‘rtasida tan jarohati yetkazish va jinsiy holat bilan bog‘liq vaziyatlarda ko‘p muammolar bo‘lyapti. Odamlar orasida hamisha nizolar, kelishmovchiliklar va yolg‘onchilik bor ekan davlat hamisha ekspertizaga muhtoj bo‘ladi. Shuning uchun ham sohamiz rivojlanib boraveradi. Avval ishxonamizni qo‘riqlab, oddiy qorovul turgan bo‘lsa, endi bizning xavfsizligimiz ichki ishlar organlariga topshirilgan.

Bundan tashqari ko‘pchilik ekspertiza xulosalarini soxtalashtirish mumkin, deb o‘ylaydilar. Lekin ekspert xulosalarni berayotib har doim qonun doirasida ogohlantiriladi. Agar qonunga xilof ish qilsa, javobgarligi og‘ir bo‘ladi. Shaxsan men shuncha yillik o‘qishim, mashaqqatlar bilan topilgan obro‘-e’tiborimni kimningdir manfaati uchun sarflashni xohlamayman.

Suhbatdosh: Xonzodabegim A’zamova

Kiritildi: 16:43 12.08.2019. O'qildi: 6706 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!