Bugun 27 noyabr, 2026 yil, juma

КИР

O‘zbekiston tez orada yana Islom ilmlari o‘chog‘iga aylanadimi?

A A A
O‘zbekiston tez orada yana Islom ilmlari o‘chog‘iga aylanadimi?

Avval xabar qilganimizdek, muhtaram yurtboshimiz SH.Mirziyoyev qarori bilan ta’sis etilgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining ilmiy xodimlaridan iborat delegasiya a’zolari ayni paytda Turkiyaning İSAM (Islom tadqiqotlari markazi)da “Xalqaro qo‘lyozma asarlarni tahqiq qilish kurslari”da ishtirok etishmoqda.

5 iyul kuni mazkur delegasiya a’zolari İSAM rahbari, hadis ilmi doktori, professor Rashid Kichik qabulida bo‘ldilar. Suhbat davomida İSAM rahbari Prezidentimiz SH.Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekistonda ajdodlarimizdan bebaho ilmiy meros bo‘lib qolgan noyob qo‘lyozma asarlarni tadqiq etish borasida olib borilayotgan ishlarni yuqori baholadi.

Bundan tashqari, yurtboshimiz tashabbuslari bilan tashkil etilgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekiston islom sivilizasiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazlarining ochilishi dunyo hamjamiyati, xususan, musulmon olami olimlari tomonidan xursandchilik bilan qabul qilingani va bu markazlarning islom ilmlari rivoji uchun muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tdi.

Rashid Kichik talabalik kezlarida Imom Buxoriyning “al-Jomi’ as-sahih” asari va unga yozilgan sharhlarni to‘liq o‘qib chiqqanini yodga olib, buyuk ajdodimiz shaxsiyati hali juda ko‘p o‘rganilishi lozimligiga alohida urg‘u berdi. Shu bilan birga, İSAM rahbari asrlar davomida Turkiyada ham Markaziy Osiyoda ham fiqhiy masalalarda hanafiylik, e’tiqod borasida moturidiylik ta’limotining keng yoyilgani birodar xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishi, ayni damda musulmonlarning turli ekstremistik va terrorchi guruhlarga qo‘shilib qolishining oldini olishda mazkur markazlar yuksak ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.

Muzokara davomida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan tayyorlanib, chop etilgan kitob va risolalar taqdimoti o‘tkazildi.

İSAM rahbari O‘zbekiston ilmiy tadqiqotchilari uchun mazkur markazning eshiklari har doim ochiqligi va bu yo‘lda barcha mavjud imkoniyatlarni ishga solishga tayyorligini izhor etib, yaqin kunlarda allomalar yurti bo‘lgan O‘zbekistonga borish istagida ekanligini bildirdi.

Ma’lumot uchun, Turkiyaning jahonga mashhur İSAM (Islom tadqiqotlari markazi) tashkiloti 1988 yilda Turkiya Diyonat vaqfi tashkiloti tashabbusi bilan tashkil etilgan. Markaz qoshida Turkiyadagi eng katta islomshunoslik kutubxonasi mavjud bo‘lib, unda bosma hujjatlar va maxsus kolleksiyalar orqali jamlangan hadis, tafsir, fiqh, kalom va islomga oid 350.000 nusxada kitob va 135.000 nusxada jurnallar to‘plami jamlangan. Bundan tashqari, kutubxonada Usmonli imperiyasining tarixi, adabiyoti va madaniyati bilan bog‘liq monografiyalar va boshqa ilmiy asarlar ham saqlanadi.

Markaz kutubxonasida raqamli kitoblar to‘plamlaridan iborat ma’lumotlar bazasi ham tashkil etilgan bo‘lib, unda Turkiyadagi 122 ta kutubxonadan jamlangan 709 000 ta qo‘lyozma, toshbosma va bosma asarlar o‘rin olgan.

Hozirda ISAM tomonidan islom tarixi, madaniyati, sivilizasiyasini ilmiy o‘rganish, mahalliy va xorijiy ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

ISAM tomonidan yo‘lga qo‘yilgan loyihalardan biri bu − “Xalqaro tahqiq kurslari” hisoblanadi. Mazkur kurslarning tashkil etilishidan ko‘zlangan asosiy maqsad − ilmiy tadqiqotchilarda arab tilidagi noyob qo‘lyozmalarni o‘rganish ko‘nikmasini yaratishdan iborat. Har yili e’lon qilinib, uch bosqich (boshlang‘ich, yuqori saviya, taxassus)da amalga oshiriladigan kurslarda 2012 yildan beri dunyo bo‘yicha 500 ga yaqin kishi qatnashgan. O‘quv kurslari musulmon olamida mazkur soha bo‘yicha tan olingan mashhur professor-ustozlar tomonidan to‘liq arab tilida olib boriladi.

Manba: azon.uz

Kiritildi: 22:24 06.07.2018. O'qildi: 1656 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik