Bugun 4 may, 2024 yil, shanba

КИР

O‘zbekiston Respublikasi xalqaro zaxiralari qanchaligi ma’lum bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi xalqaro zaxiralari qanchaligi ma’lum bo‘ldi

🔸O‘zbekiston Respublikasi xalqaro zaxiralari bo‘yicha ma’lumot Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) tomonidan tasdiqlangan metodologiya (To‘lov balansi va xalqaro investision pozisiya bo‘yicha qo‘llanma)ga muvofiq shakllantiriladi. Ushbu ma’lumotlar Markaziy bank tomonidan muntazam ravishda e’lon qilinadi.

🔸Zaxiralar tarkibiga monetar oltin, chet el valyutasi, chet el valyutasidagi qimmatli qog‘ozlar, XVJning mablag‘ jalb qilishga doir maxsus huquqlari va zaxira pozisiyasi hamda xalqaro standartlarga muvofiq xalqaro zaxiralar tarkibiga kiritiladigan boshqa aktivlar kiritiladi.

🔸O‘zbekiston Respublikasi xalqaro zaxiralari 2020 yil boshiga nisbatan 5,4 mlrd. AQSh dollariga yoki 19 foizga oshib, 1 sentyabr holatiga 34,6 mlrd. AQSh dollarini tashkil etdi. 

🔸2020 yil boshidan COVID-19 pademiyasi oqibatida jahon iqtisodiyotida inqirozli holatlarning kuzatilishi oltin narxining 30 foizgacha keskin oshishiga sabab bo‘lib, avgust oyida o‘zining tarixiy eng yuqori darajasiga yetdi. Oltin narxlaridagi bunday keskin oshish sur’ati faqatgina 2008 yildagi moliyaviy inqirozdan keyingi davrda kuzatilgan.

🔸Tabiiyki, mazkur qulay sharoitdan kelib chiqib, Markaziy bank tomonidan avgust oyining o‘zida 2,5 mlrd. AQSh dollari miqdorida oltin eksporti amalga oshirildi. Ta’kidlash joizki, bunda xalqaro zaxiralar tarkibidagi oltin miqdorining kamayishi bilan bir vaqtning o‘zida valyuta aktivlarining mos ravishda oshishi kuzatiladi. Bu kabi amaliyot zaxiralarning umumiy hajmi o‘zgarishiga ta’sir qilmaydi.

🔸2020 yilning o‘tgan 8 oyi tahlil qilinadigan bo‘lsa, Markaziy bank tomonidan 5,8 mlrd. AQSh dollari miqdoridagi oltin eksporti amalga oshirildi. Mazkur valyuta tushumining asosiy qismi mamlakatimizda faoliyat yurituvchi korxona va tashkilotlarga tijorat banklari orqali valyuta birjasi savdolarida sotiladi.

🔸Qonunchilikka muvofiq, Markaziy bank O‘zbekiston Respublikasi xalqaro zaxiralarini to‘ldirish uchun davlatning oltin sotib olishga bo‘lgan ustuvor huquqini amalga oshiradigan davlat idorasi bo‘lib, mamlakatda ishlab chiqariladigan oltinning asosiy xaridori hisoblanadi.

🔸Markaziy bank tomonidan ishlab chiqaruvchi korxonalardan oltinni harid qilishda to‘lovlar oltinning jahon bozorlaridagi o‘rtacha narxidan kelib chiqqan holda har oyda milliy valyutada to‘lab beriladi. O‘z navbatida, mazkur mablag‘lar korxonalar tomonidan byudjet oldidagi majburiyatlarni bajarishga hamda ishlab chiqarish va investision faoliyatini amalga oshirishga yo‘naltiriladi.   

🔸Bunda Markaziy bank tomonidan oltinning milliy valyutada sotib olinishi iqtisodiyotda pul massasining oshishiga hamda inflyasiya darajasi o‘sishi xavfining kuchayishiga ta’sir etishi mumkin.

🔸Shundan kelib chiqib, 2017 yil sentyabr oyidan boshlab pul-kredit siyosatining makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashdagi rolini oshirish maqsadida Markaziy bank valyuta bozorida “neytrallik” tamoyillari asosida ishtirok etadi.

🔸“Neytrallik” tamoyiliga ko‘ra, ishlab chiqaruvchi korxonalardan sotib olingan oltin ekvivalentidagi valyuta mablag‘lari Markaziy bank tomonidan ichki valyuta bozoriga yo‘naltiriladi. Bunda qimmatbaho metallarni sotib olish natijasida muomalaga chiqarilgan pul mablag‘larining iqtisodiyotdagi pul-kredit sharoitiga ta’sirini sterilizasiya qilish maqsadida valyuta sotish hisobiga muomaladan qaytarib olinadi. Oltin ishlab chiqaruvchi davlatlarda mazkur prinsipga amal qilinishi pul-kredit siyosatining ta’sirchanligini oshirish va inflyasiyaning jilovlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

🔸“Neytrallik” tamoyilining qo‘llanilishi natijasida xalqaro zaxiralardagi monetar oltinning ulushi deyarli o‘zgarishsiz qolmoqda. Jumladan, oltinning ulushi 2018 yil 1 yanvar holatiga 50 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2020 yil 1 sentyabr holatiga 54 foizga yetdi.
 

Kiritildi: 18:47 26.09.2020. O'qildi: 2701 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!