Henley & Partners agentligi e’lon qilgan yangi hisobotda O‘zbekiston pasporti 74-o‘ringa ko‘tarildi. O‘zbekistonliklar dunyoning 59 ta davlatiga vizasiz yoki borishi bilan ayeroportning o‘zida osonlashtirilgan tartibda viza olib kirishlari mumkin.
2023 yilda O‘zbekiston 85-o‘rinda bo‘lgan bo‘lsa, 2024 va 2025 yilda 80-o‘ringa ko‘tarilgan edi, endilikda esa 74-pog‘onani egalladi. Shu tariqa, so‘nggi 2,5 yil ichida mamlakat pasporti 11 pog‘onaga yuqoriladi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida Qozog‘iston pasporti eng kuchli bo‘lib turibdi. Ushbu mamlakat fuqarolari 78 ta davlatga vizasiz tashrif buyurishi mumkin. Qirg‘iziston O‘zbekiston bilan 73-o‘rinni bo‘lishib turibdi. Tojikiston 53 ta davlat bilan 79-o‘rinni, Turkmaniston esa 45 ta davlat bilan 87-o‘rinni egalladi.
Ro‘yxatda Rossiya 113 ta mamlakatga vizasiz kirish imkoniyati bilan 44-qatorda, Belarus 58-o‘rinda, Ozarboyjon esa 67 ta davlat bilan 66-o‘rinda qayd etildi.
Reyting yetakchisi Singapur bo‘ldi, uning pasporti 192 ta davlatga vizasiz sayohat qilish imkonini beradi. Shuningdek, kuchli uchlikdan fuqarolari 187 ta davlatga vizasiz bora oladigan Yaponiya va Janubiy Koreya joy oldi.
Harakatlanish erkinligi eng kam bo‘lgan pasport – Afg‘oniston davlatinikidir. U atigi 24 ta davlatga kirish imkoniyati bilan ro‘yxatning eng oxirgi pog‘onasidan joy oldi.