Bugun 3 iyul, 2024 yil, chorshanba

КИР

O‘zbekiston hukumati tomonidan Orol dengizining qurigan tubida amalga oshirilayotgan loyihalar nemis matbuoti nigohiga tushdi

O‘zbekiston hukumati tomonidan Orol dengizining qurigan tubida amalga oshirilayotgan loyihalar nemis matbuoti nigohiga tushdi

Germaniyadagi ommabop "Stimme-der-Hauptstadt" ("Poytaxt ovozi") elektron nashrida Orolbo‘yi hududini ko‘kalamzorlashtirishga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrda yozilganidek, O‘zbekistonda Orol dengizining qurib qolgan tubida o‘rmonlar yaratish va obodonlashtirish bo‘yicha bir qator yirik loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda va natijada hozirda 1,7 million gektar maydonga ko‘chatlar o‘tqazilgan.

Nemis elektron nashriga ko‘ra, mamlakat shimoliy mintaqasida ekologik vaziyatni yaxshilash O‘zbekiston davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Hukumat va mahalliy aholining birgalikdagi sa’y-harakatlari o‘z samarasini bermoqda. O‘zbekiston va Qozog‘iston hududida Orol dengizining qariyb olti million gektar qurib qolgan, shundan 3,2 million gektari O‘zbekiston hududiga to‘g‘ri keladi. Ushbu qurigan maydonning 2,5 million gektari o‘rmon plantasiyalari, jumladan, saksovul va boshqa sho‘rxok yerlarga chidamli o‘simliklar o‘tqazish uchun ajratilgan. Bu o‘simliklar qumli tuproqlarni barqarorlashtirishga va atrof-muhit sharoitlarini yaxshilashga yordam beradi.

"2017-2021 yillarda qurigan dengiz tubining 461 ming gektarida o‘rmon plantasiyalari barpo etildi. Ekishning asosiy qismi urug‘ ekish, jumladan, havodan turib ekish va mexanizasiyalashgan usulda amalga oshirilgan. 61 ming gektar maydonga saksovul qo‘lda ekilgan. 2019-2020 yillarda 700 ming gektardan ortiq, 2020-2021 yillarda esa 350 ming gektar maydonda o‘rmon plantasiyalari barpo qilingan", – deyiladi maqolada.

Ma’lum qilinishicha, "Oroldagi bog‘im" loyihasi keng jamoatchilik e’tiborini tortgan. Ushbu loyiha doirasida 800 million so‘mdan ziyod mablag‘ yig‘ilib, 6 mingdan ortiq ko‘chat sotib olingan. Unda Germaniyaning O‘zbekistondagi Gyote-Instituti, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), xalqaro jamg‘armalar, mahalliy korxonalar vakillari va Orolbo‘yi aholisi ishtirok etmoqda.

"Orolbo‘yi ekologiyasini tiklash va barqaror kelajakni yaratishda ko‘chat ekish kampaniyalari muhim o‘rin tutadi. "Oroldagi bog‘im" loyihasi davlat va jamiyatning muvaffaqiyatli o‘zaro hamkorligi, Orol dengizining qurib qolgan tubiga minglab turli xil daraxt ko‘chatlarini o‘tqazish namunasi bo‘ldi. Bu sa’y-harakatlar ekologik muammolarni hal etishda hamjihatlikda harakat qilish muhimligini yana bir bor tasdiqlaydi", – deya qayd etgan "Stimme-der-Hauptstadt".

Kiritildi: 10:33 26.06.2024. O'qildi: 734 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!