O‘zbekiston havo yo‘llari MAK hamda Visa xalqaro to‘lov tizimi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda ilk bor bepul chipta olish imkonini beradigan kobrend plastik kartochkalar muomalaga chiqarildi. Bu haqda aviakompaniya rasmiy sayti xabar qiladi.
Ya’ni kartochkalar orqali kundalik sarf-xarajatlar to‘langanda, karta egasiga bepul ballar taqdim etiladi. Ma’lum miqdordagi ballar to‘planganidan so‘ng ushbu ballar orqali milliy aviakompaniyaning istalgan yo‘nalishi bo‘yicha bepul chipta olish mumkin bo‘ladi.
Kartochka mijozning xohishiga qarab, AQSh dollarida yoki milliy valyutada ochiladi. Xususan, Visa Gold kartochkasini ochish bahosi 150 ming so‘m, Visa Platinum 250 ming so‘m. Kartochkalar bo‘yicha eng kam mablag‘ esa 50-100 AQSh dollari hamda 400-800 ming so‘mni tashkil qiladi. Ballar esa uning turidan kelib chiqib hisoblanadi.
Shuningdek, kartochkani ochish vaqtida qo‘shimcha bonus ham taqdim etiladi. Welcome bonusi 1000 mil masofagacha uchish, mijozni sug‘urtalash, konserj-servis dunyo bo‘ylab mehmonxonadan joy band qilish, chiptalarni rezervga olish, xarid qilishda yordam berish, kutish va kuzatib qo‘yish xizmatari shular jumlasidan.
Kartochkalar sohibiga Visa xalqaro to‘lov tizimi sheriklarining mahsulot va xizmatlari bo‘yicha 5 foizdan 20 foizgacha chegirma qilinadi.
Bu turdagi karta 2019 yilning 1 fevralidan amalga kiradi.