Bugun 7 noyabr, 2025 yil, juma

КИР

O‘zbekiston AQSh hamkorligining yangi bosqichi ishonchga asoslangan

O‘zbekiston AQSh hamkorligining yangi bosqichi ishonchga asoslangan

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQShga safari so‘nggi ikki oy ichida ikkinchi marta amalga oshirildi. 2025 yil 23 sentyabr kuni BMT bosh qarorgohida, tashkilot Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida ishtirok etgan davlatimiz rahbari tadbir doirasida AQSh yetakchisi Donald Tramp bilan ham uchrashgan va unda o‘zaro fikr almashilib, qator kelishuvlarga erishilgan edi.

O‘zaro munosabatlar tarixidan O‘zbekiston mustaqilligini birinchilar qatorida tan olgan Qo‘shma Shtatlar 30 yil davomida manfaatli hamkorlardan biri bo‘lib qolmoqda. Munosabatlar mustahkam poydevorda shakllangan va an’anaviy tarzda ishonchli xarakterga ega.

2002 yilda imzolangan O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasida strategik sheriklik va hamkorlik asoslari to‘g‘risidagi deklarasiya diplomatik aloqalar o‘rnatilganidan buyon o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash borasida hal qiluvchi rol o‘ynadi.

Biroq, 2017 yildan boshlangan hamkorlikning yangi tarixi bu borada alohida ahamiyatga molik. Xususan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 15-17 may kunlari Qo‘shma Shtatlarga rasmiy tashrifi O‘zbekiston-AQSh sherikligi rivojiga kuchli turtki bo‘ldi.

Bu AQSh yuqori martabali rahbarlari, biznes va akademik soha vakillari tomonidan ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli ikki tomonlama hamkorlikni qayta faollashtirgan tarixiy voqea sifatida e’tirof etildi.

2020 yil noyabr oyida O‘zbekiston va AQSh har yili o‘tkaziladigan ikki tomonlama maslahatlashuvlarni Strategik sheriklik muloqotiga aylantirishga qaror qildi. Uning doirasida tomonlar siyosat, xavfsizlik, iqtisod va insoniy o‘lchovlar bo‘yicha yaqin hamkorlikni rivojlantirmoqda.

Ta’kidlash joizki, o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlash va hamkorlikning barcha sohalarida strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish harakatlari davom ettirilmoqda.

Shu ma’noda hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, ikki tomonlama munosabatlarda 2025 yilda O‘zbekiston – Amerika munosabatlari tarixida yangi sahifa ochildi, strategik sheriklikning sifat bosqichiga qadam qo‘yildi. O‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlik aloqalari iqtisodiy o‘sish uchun zamin yaratmoqda.

E’tiborga molik tomoni, O‘zbekiston-AQSh munosabatlari investisiya, savdo, ta’lim, ilmiy tadqiqot, diniy-ma’rifiy yo‘nalishlarda ham izchil rivoj topmoqda. O‘zbekiston hududlari bilan Amerika shtatlari o‘rtasida sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalasi ustida ham faol ish olib borilmoqda.

O‘zaro aloqalarning mustahkamlik kasb etishi va rivoj topishida Shavkat Mirziyoyevning AQShga amalga oshirgan sermahsul tashrifi, okeanorti davlatining yirik sarmoyadorlari bilan o‘tkazgan manfaatli muloqotlar, erishilgan ulkan kelishuvlar ijobiy ta’sir ko‘rsatgani, shubhasiz.

Ushbu samimiy muloqot va yaqin munosabatlar AQShning Markaziy Osiyo mintaqasiga nisbatan qiziqishlari ortishiga ham xizmat qilmoqda.

Amaliyotda AQSh va MO mamlakatlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik masalalari “C5+1” formatidagi uchrashuvlar orqali muhokama qilib boriladi. Xususan, 6 noyabr kuni Vashingtonda mazkur formatdagi uchrashuvlarning navbatdagisi bo‘lib o‘tadi. Unda AQSh Prezidenti Donald Tramp O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazishi belgilangan.

Davlatimiz rahbari 4 noyabr kuni Qatar poytxati Dohada bo‘lib o‘tgan Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammitidagi ishtirokdan so‘ng, AQSh Prezidenti Donald Tramp taklifiga binoan Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh yetakchilarining “C5+1” formatidagi sammitida ishtirok etish uchun Vashington shahriga jo‘nab ketdi.

Tashrif dasturiga muvofiq, davlat rahbari AQSh Prezidenti Donald Tramp, Kongress Senati va Vakillar palatasi a’zolari, AQSh vazirlik va idoralari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.

Unda O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investisiyaviy va gumanitar sohalarda strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlash, shuningdek, Markaziy Osiyoning AQSh bilan mintaqalararo hamkorligini chuqurlashtirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Ishbilarmonlik dasturi doirasida AQShning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy institutlari rahbarlari ishtirokida uchrashuv va tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tadbirlar yakunida qator ikki va ko‘p tomonlama hujjatlar qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.

Okeanorti mamlakati rahbari va ishbilarmonlarida katta ishonch va e’tirofga ega O‘zbekiston liderining bu galgi tashrifidan ham ulkan natijalar kutilmoqda.

Kiritildi: 12:32 06.11.2025. O'qildi: 255 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!