2026 yil 16 fevral kuni Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakat taraqqiyotining 2030 yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha farmon imzolandi. Ushbu farmon bilan 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi tasdiqlandi.
Strategiya loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilib, bir oy davomida 3 564 ta fikr va taklif kelib tushdi. Shundan 2 153 tasi asosli taklif, 751 tasi takroriy, 340 tasi ma’qullovchi fikr, 320 tasi tanqid va e’tirozlardan iborat bo‘ldi. Eng ko‘p takliflar ta’lim, ekologiya, raqamlashtirish, energetika va transport sohalariga taalluqli bo‘ldi.
Yangi tahrirdagi strategiyada 100 ta maqsad hamda ularga erishish bo‘yicha 437 ta samaradorlik ko‘rsatkichi belgilandi. 102 ta ko‘rsatkich o‘zgarishsiz qoldirilgan, 95 tasi yangilangan, 240 ta yangi ko‘rsatkich kiritilgan.
Jamoatchilik takliflari asosida oliy ta’lim bitiruvchilarining doimiy ish bilan ta’minlanish darajasini 65 foizga yetkazish, 39 yoshgacha bo‘lgan tadqiqotchilar ulushini 61 foizga oshirish, tibbiyot muassasalarini to‘liq raqamlashtirish, boshqaruv lavozimlarida xotin-qizlar ulushini 35 foizga yetkazish, davlat fuqarolik xizmatida xotin-qizlar ulushini 40 foizga oshirish, shahar va tuman markazlarida yashillik darajasini 30 foizga yetkazish, 21
million gektar yaylov va pichanzorlarda geobotanik tadqiqotlar o‘tkazish hamda notarial xizmatlarni masofaviy tarzda ko‘rsatish ulushini 30 foizga yetkazish kabi muhim ko‘rsatkichlar belgilandi.
Strategiya ijrosi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatiladi. Barcha vazirlik va idoralar rahbarlariga shaxsiy mas’uliyat yuklatildi. Har yili davlat byudjeti shakllantirishda strategiya ko‘rsatkichlari inobatga olinadi. Amalga oshirish jarayonini muvofiqlashtirish uchun Respublika komissiyasi tuzildi va monitoring ishlari raqamli platforma orqali olib boriladi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi aniq maqsad va o‘lchanadigan ko‘rsatkichlarga asoslangani, jamoatchilik fikri inobatga olingani hamda moliyaviy manbalari belgilab qo‘yilgani bilan mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichini belgilab beradi.