Bugun 27 noyabr, 2026 yil, juma

КИР

O‘zbek san’atida yangi davr boshlandi

A A A
O‘zbek san’atida yangi davr boshlandi
Mustaqilligimizning 27 yillik to‘yini katta tantana, shodu xurramlik bilan nishonlash arafasida turibmiz.
 
“Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!” shiori ostidagi bu qutlug‘ bayram shukuhi hammamizning qalbimizga yuqori kayfiyat, ko‘rarinki ruh baxsh etmoqda.
Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!
 
Hech ikkilanmasdan aytish mumkinki, keyingi yillarda mustaqillik, deb atalmish ulug‘ ne’matning qadr-qimmatini, hayotimizda tutgan o‘rni va ahamiyatini yanada teranroq anglay boshladik. Chunki istiqlol tufayli barchamiz erkin, baxtli va farovon hayot kechirish, iste’dod va qobiliyatimizni to‘la namoyon etish imkoniyatiga ega bo‘ldik. 
 
Mana, yigirma yetti yildirki, xalqimiz bu kunni muqaddas bilib, katta tantanalar bilan nishonlab keladi. Chunki mustaqillik bizning aziz va yagona bayramimiz hisoblanadi. Har yili ushbu qutlug‘ sana munosabati bilan bosib o‘tgan yo‘limizni, amalga oshirgan ishlarimizni sarhisob qilib olamiz.
 
O‘tgan bir yil davomida ham barcha sohalar singari san’at sohasida ham oldinga siljish, rivojlanish, katta yangiliklar bo‘ldi.
 
Bu rivojlanish o‘tgan yil Prezidentimizning O‘zbekiston ijodkor ziyolilari bilan bo‘lgan yig‘ilishdan so‘ng, ayniqsa, sezildi, desam xato bo‘lmaydi. O‘shanda o‘zbek san’atidagi saviyasizlik, ma’naviyatni oshirishga xizmat qilmaydigan kuy-qo‘shiqlar ko‘payib, bu holat yosh avlodga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlangan edi.
 
Darhaqiqat, televideniye orqali uzatilayotgan ba’zi kliplar oila, farzandlar davrasida tomosha qilib bo‘lmas darajasiga kelib qolgan edi. Musiqaga nomunosib klip, unda rol ijro etayotganlarning harakatlarida G‘arbga taqlid sezilib turadi. Eng muhimi, mana shunday kliplardagi ochiq-sochiq kiyinganlarning ko‘pchiligini yoshlar tashkil etadi.
 
Buni teran anglagan davlatimiz rahbari mazkur muammolarni yechish maqsadida “O‘zbekkonsert” qoshida “O‘zbekiston xalq artistlari” klubini tashkil etish taklifini bildirdi. Oradan ko‘p o‘tmay bu g‘oyat amalga oshdi. Klubning bir necha marotaba yig‘ilishlari o‘tkazildi. Ularda yuqoridagi mavjud muammolarga barham berish, san’at sohasiga endi kirib kelayotgan yoshlarning mahoratini oshirish, ular qalbida san’atga, muxlislarga hurmat kabi tushunchalarni uyg‘otishga harakat qilinayotir. Klub a’zolari tez-tez uchrashishi natijasida yosh san’atkorlarning ijodi har tomonlama o‘rganilmoqda, klip yoki ashulada uchragan kamchiliklar muhokama qilinmoqda.
 
Bundan tashqari, hududlarda faoliyat yuritayotgan musiqa va san’at maktablarida ijodiy uchrashuvlar, mahorat darslari muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Ularda xalq artistlari o‘quvchi-yoshlar bilan ijodiy kechalar o‘tkazib, ko‘zi yonib turgan bolalarga san’at sirlaridan saboq bermoqda.
 
Oynai jahon orqali ko‘plab chiqish qilib, elu xalq tanigan mashhur san’atkorlar bilan uchrashgan yoshlar o‘z oldiga ulkan maqsad qo‘yib, san’at olamiga dadil qadamlar bilan kirib borishga harakat qilmoqda. O‘zimdan qiyos. Men ham ayni paytda Toshkent shahridagi 18-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida doimiy ravishda ijodiy uchrashuv hamda mahorat darslari tashkil etib kelayapman. Bu yerga qatnashuvchilar soni har doimgidan ancha oshgan.
 
O‘ylaymanki, katta sahnada uzoq yillardan buyon ijod qilib, xalqning olqishiga sazovor bo‘lgan san’atkorlarning bu sohaga ilk qadamini tashlayotgan bolalar bilan uchrashuvlar, mahorat saboqlari o‘tkazishi kelajakda saviyasi past, yengil-elpi ashula yoki kliplar avj olishining oldini oladi.
 
O‘sha yig‘ilishda Davlatimiz rahbari estrada san’ati, xalq og‘zaki ijodining na’munasi bo‘lgan – baxshichilik san’ati bee’tibor qolayotgani haqida ham qayg‘urgandi.
 
O‘zbek xalqining uzoq tarixiga ega dostonchilik va baxshichilik maktabi xalqimizning tom ma’nodagi milliy g‘ururidir. Xalq og‘zaki ijodiyoti odamlarni mardlik, shijoat va yurtga sodiq bo‘lishga chorlab, insonparvarlik g‘oyalarini keng targ‘ib etadi. Lekin so‘nggi paytlarda mazkur san’atning avloddan avlodga o‘tishida yetarlicha sharoit bo‘lmagani bois, baxshichilik san’ati yo‘qolib ketish arafasida edi. Chunki baxshichilik san’atini o‘rgatadigan muassasa, maktab yoki to‘garak mavjud emas edi.
 
Aynan o‘sha uchrashuvdan so‘ng Surxondaryoning Termiz shahrida 22-sonli bolalar musiqa, san’at va baxshilar maktabi barpo etildi. Barcha shart-sharoit muhayyo etilgan maskanda bugungi kunda ko‘plab talabgor yoshlar tajribali baxshilardan baxshichilik san’atining sir-asrorlarini puxta o‘rganmoqda.
 
Endilikda bu maskanda baxshilar ijodini o‘rganish, tadqiq etish, xalq og‘zaki ijodi durdonalarini to‘plab, nashrdan chiqarishga qiziqish ortib bormoqda. Bu ezgu ishlarning samarasi o‘laroq, yaqinda viloyatning Oltinsoy tumanida respublika baxshilar konkursi o‘tkazildi. Unda 500 dan ziyod, kattayu kichik, o‘zbek baxshichiligini rivojlantirishga hissa qo‘shishni astoyidil maqsad qilgan baxshilar ishtirok etdi. Bunday san’at musobaqalarida qatnashib, o‘z ijodini omma oldida namoyish etish baxtiga muyassar bo‘lgan yoshlarning quvonchlari cheksiz.
 
Manba: uza.uz
Kiritildi: 16:25 29.08.2018. O'qildi: 1853 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik