Bugun 30 iyun, 2024 yil, yakshanba

КИР

O‘zbek adibiga Qirg‘izistonning faxriy unvoni berildi

O‘zbek adibiga Qirg‘izistonning faxriy unvoni berildi

Taniqli yozuvchi, jamoat arbobi Begijon Ahmedov Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov farmoni bilan “Qirg‘iz Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat arbobi” unvoniga sazovor bo‘ldi.

Ushbu yuksak davlat mukofotini B.Ahmedovga Prezident nomidan “Ala-Archa” qarorgohida Xalq Assambleyasi ta’sis etilganining 30 yilliga bag‘ishlangan marosimda Davlat kotibi Suyunbek Kasmambetov tantanali ravishda topshirdi.

Ikki mamlakat Yozuvchilar uyushmalari a’zosi, tarixchi olim Begijon Ahmedovning nomi va ijodi nafaqat Qirg‘izistonda, balki O‘zbekiston va boshqa horijiy davlatlarda ham ma’lum. Uning asarlari dunyoning o‘ndan ortiq tiliga tarjima qilingan. “Sayyoh” romani Qirg‘izistonda “2020 yilning eng yaxshi kitobi” sifatida rasman e’tirof etilgan. Yurtimizda bu mashhur asarga o‘ndan ortiq taqriz yozilgan, munosabat bildirilgan maqolalar chop etilgan. Kitob taqdimoti Yevropa Ittifoqi markazi – Bryussel shahrida, Nyu-York, Atlanta, Orlando, London, Toshkent, Bishkek, Novosibirsk, Andijon, O‘sh va boshqa shaharlarda o‘tkazilgan.

Taniqli yozuvchi “Ruhiy bangilik” hujjatli filmi va “Jaloliddin Rumiy” pyesasi muallifi hisoblanadi.

Faol jamoat arbobi sifatida tarixnavis adib, tarjimon Begijon Ahmedov Qirg‘iziston – O‘zbekiston do‘stlik jamiyati ijrochi direktori, Xalqaro Bobur jamg‘armasi Qirg‘iziston bo‘limi rahbari, Chingiz Aytmatov nomli Xalqaro Issiq-Ko‘l Forumi prezidenti maslahatchisi sifatida keng qamrovli ish olib bormoqda. Sermahsul ijodkor, tadqiqotchi B.Ahmedovga Xalqaro Kuvayt universiteti hamda Bobur nomidagi Andijon davlat universiteti faxriy professori, Xalqaro Chingiz Aytmatov akademiyasi akademigi kabi unvonlar berilgan.

Bir necha xalqaro adabiy mukofotlardan tashqari o‘zbek adibi Qirg‘iziston davlat mukofoti – “Dank” (“Shuhrat”) medali, “Qirg‘iz Respublikasi Faxriy yorlig‘i”, O‘zbekistonning “Xalqlar do‘stligi” va “Davlat mustaqilligining 30 yilligi”, Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi “Xalq diplomati” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan.

Kiritildi: 09:43 28.06.2024. O'qildi: 1949 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!