Ajdodlarimiz poyi piyoda kezgan yo‘llarda bugun zamonaviy avtomobillar, tezyurar poyezdlar qatnab odamlar mushkulini oson qilmoqda. Ayniqsa, “Afrosiyob” tezyurar poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yilgani mamlakatimiz transport tizimi tarixida ulkan voqeliklardan biri bo‘ldi.
“Afrosiyob” vagoniga qadam qo‘ygan kishi borki, undagi zamonaviylik va beqiyos qulaylik uchun shukrona keltirmasligining iloji yo‘q. Uning bag‘rida shamoldan tez yelib ketarkansan faxrlanmaslik imkonsiz.
“Afrosiyob” salonlari qulay va yumshoq o‘rindiqlar, video va audioroliklarni tomosha qilish uchun audiovideomodul hamda monitorlar, har bir o‘rindiq mutolaa chiroqlari bilan jihozlangan. Derazalar ko‘p qatlamli shovqin qaytaruvchi oynadan tayyorlangan, quyoshdan himoya qiluvchi pardalar o‘rnatilgan. Yilning qaysi fasli bo‘lishidan qat’i nazar, salonda barqaror qulay harorat ta’minlanadi. Maksimal tezlikni soatiga 250 kilometrgacha oshirishi mumkin bo‘lgan poyezd vagonlarida havo harorati, yo‘nalish jadvali va tezlik haqida kompyuter tablolari orqali muntazam ma’lumot berib boriladi.
Yanada e’tiborlisi, O‘zbekiston bunday poyezdlardan foydalanayotgan dunyodagi o‘n to‘rt davlatdan biridir.
Xalqimizning mehnati, orzu-umidining mahsuli bo‘lish bilan birga g‘ururiga aylangan “Afrosiyob” haqida bolalarimiz biladimi? Ayniqsa, tezyurar poyezd qatnaydigan temir yo‘l atrofida yashayotgan oilalarda farzandlarga “Afrosiyob"ning ahamiyati haqida so‘zlab berishganmikin?
Afsuski, ko‘pchilik hamon bola tarbiyasini uning qornini to‘yg‘azish, ustini butlash, nari borsa darsini o‘zlashtirishida, deb bilmoqda. Bola ma’naviyati, dunyoqarashi shakllanishida hamon bo‘shliqlarga yo‘l qo‘yilmoqda. Aks holda bola o‘z g‘ururiga tosh otmasdi.
Gup shundaki, Samarqand shahrida 15 may kuni noma’lum shaxs “Samarqand-Zarafshon” temir yo‘l bekatlari oralig‘ida “Qarshi-Samarqand-Toshkent” yo‘nalishida qantovchi “Afrosiyob” tezyurar poyezdining oynalariga tosh otgan. Oynalar dars ketgan. Jarohat olganlar bo‘lmagan.
Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati tarqatgan bu xabar ko‘pchilikning qalbini o‘rtadi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, poyezdga Samarqand shahar Motrid mahallasi 37-sonli o‘rta maktabning 5-sinf o‘quvchisi M.B. tosh otganligi aniqlangan. Bola va uning onasi bilan tushuntirish ishlari olib borilgan.
Ayrimlar uchun bu kichkina holat bo‘lishi mumkin. Poyezdning bitta oynasini almashtirish qimmatga ham tushmas. Lekin chiroyli narsaga tosh otgan boladan ertaga nima kutish mumkin? Bu beboshlik shafqatsizlikka, jinoyatga yo‘l ochmaydi, deb kim kafolat bera oladi?
Taassufki, katta jinoyatlar ildizida mayda bezorilik, urushqoqlik, beboshliklar yotadi. Oddiygina birovning ruchkasini olib qaytarib bermaslikni odat qilgan boladan kattaroq o‘g‘rilik, firibgarlikni bemalol kutish mumkin.
Bularni qalamga olishdan maqsad, ota-onalar va ustozlardan yana bir bor bolalar tarbiyasida xushyor bo‘lishni iltimos qilishdir. Birgina shu beqiyos “Afrosiyob”ning ahamiyati, uning qanday mehnatlar evaziga yo‘lga qo‘yilgani, undan har birimiz foydalanishimizni, bunday zamonaviy tezyurar poyezd hamma davlatda ham yo‘q ekanini, bundan faqat g‘ururlanish kerakligini uqdirish uchun bir daqiqa kifoya, axir. Buni tushungan, anglagan bola hech qachon o‘z g‘ururiga tosh otmaydi.
O‘zA