Bozorda nimadir xarid qilish uchun savdolashamiz. Ammo o‘z bolasini savdolashganini ko‘rganmisiz? Afsuski, Farg‘onada ana shunday jinoyat sodir bo‘ldi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi tomonidan bola sotish bilan shug‘ullangan shaxslarga nisbatan hukm chiqarildi.
Ona uchun oilasiday muqaddas makon, farzandiday suyukli inson yo‘q. Ona oila baxti, tinchligi, ayniqsa, farzandlarining baxti-saodati uchun erta-yu kech qayg‘uradi. Farzandlar yutug‘idan onaning quvonchi ko‘kka yetadi, “ko‘z tegmasin”, deya ko‘ziga yosh to‘ladi. Bu ko‘z yoshlar beg‘ubor qalbining aksi, duolarga to‘la dil so‘zlari esa bizga qanotdir.
Afsuski, oramizda o‘z nomini, sha’nini bulg‘ayotgan onalar ham bor. N. Meliqo‘zizoda 2018 yilning yanvar oyida o‘zining tanishi G. Ochilova bilan jinoiy til biriktirib, o‘zining farzandi 2017 yilda tug‘ilgan Mustafoni sotib, boylik orttirish maqsidida jinoiy reja tuzgan.
G.Ochilova Farg‘ona shahrida yashovchi bola sotib olish niyatida yurgan shaxslarni topib, ularni guruh rahbari N. Meliqo‘zizoda bilan uchrashtirib qo‘yish, o‘z navbatida, guruh rahbari esa ushbu shasxlar bilan o‘z farzandini sotish masalasida gaplashish vazifalarini o‘zaro taqsimlab olishgan.
2018 yil 12 yanvar kuni DXX Farg‘ona viloyati boshqarmasi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan o‘tkazilgan tadbirda N. Meliqo‘zizoda o‘zining jinoiy sherigi G. Ochilova bilan Farg‘ona shahrida maxsus xaridor N. Nazirovaga uch oylik farzandini 13 ming dollarga sotayotgan vaqtda, daliliy ashyo bilan qo‘lga olindi.
Sud ularning qilmishiga yarasha jazo tayinladi. Ammo o‘z farzandini pullash niyatida bo‘lgan bu ayol va uning jinoiy sherigi vijdon azobidan qanday qutular ekan?