Bugun 30 noyabr, 2024 yil, shanba

КИР

Uy sharoitida tayyorlangan konservalar sog‘lik uchun xavfli

Uy sharoitida tayyorlangan konservalar sog‘lik uchun xavfli

🟢 Qish fasli yaqinlashishi bilan mavsum uchun uy sharoitida tayyorlangan qo‘lbola konserva mahsulotlarini iste’mol qilish boshlanadi. Biroq keyingi yillarda yurtimizda botulizm kasalligi kelib chiqishiga shunday mahsulotlar ham sabab bo‘layotgani sir emas.

➡️ Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Anvar Shukurov shu haqdagi fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

💬 — Botulizm — oziq-ovqat mahsulotlaridan zaharlanishlar ichida eng og‘ir kechadigan xastaliklardan biri, — deydi mutaxassis. — Bu xastalik ko‘p hollarda uy sharoitida sanitariya qoida va me’yorlariga rioya qilinmay tayyorlangan sabzavotli, asosan, bodring, pomidor, baqlajon va qo‘ziqorin konservalarini iste’mol qilish natijasida kelib chiqmoqda.

📌 Bunga sabab uy sharoitida yetarli bosimda termik ishlov berish imkoniyati mavjud emasligidir. Natijada esa botulizm qo‘zg‘atuvchi sporalar saqlanib qoladi va ular anaerob, ya’ni kislorodsiz muhitda rivojlanib, o‘ta kuchli — botulinotoksin zahrini hosil qiladi.

✅ Botulizm qo‘zg‘atuvchilari tashqi muhitga o‘ta chidamli bo‘lib, 100°S darajada 6 soat, 120°S da esa 10 daqiqagacha tirik bo‘ladi.

🔬 O‘zida bunday zararli moddani saqlovchi konserva mahsulotlarini iste’mol qilish natijasida turli salbiy oqibatlar, hatto, o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmaganda o‘limga olib keluvchi eng og‘ir turdagi zaharlanish — botulizm kasalligi kelib chiqadi.

🧪 Xastalikning yashirin davri 2-4 soatdan 14 kungacha davom etishi mumkin. Botulizm mikrobining toksini asosan markaziy asab tizimiga ta’sir etadi va organizmda turli o‘zgarishlarga olib keladi.

🤕 Bu holatda ko‘pincha nafas olish qiyinlashishi, og‘iz-tomoqning qurishi, jismlar ko‘zga ikkita bo‘lib ko‘rinishi (diplopiya), ko‘z qovoqlari osilib qolishi (ptoz), yutinish qiyinlashishi hamda umumiy holsizlanish, ko‘ngil aynishi va qusish (ko‘pincha takrorlanadi), qorin sohasidagi og‘riq kabi belgilar namoyon bo‘ladi.

⏩ Bemorning so‘zlari tushunarsiz bo‘lib qoladi, bo‘yin va oyoq mushaklarining zaiflashishi natijasida yurishga qiynaladi.

‼️ Agar bu holatda xasta insonga zudlik bilan tez tibbiy yordam ko‘rsatilmasa va zarur davo muolajalari o‘tkazilmasa, uning nafaqat sog‘lig‘i, balki hayoti ham xavf ostida qolishi mumkin.

♻️Shu sababli botulizmning oldini olishda quyidagilarga amal qilish lozim:

➡️ uy sharoitida konservalarni tayyorlamaslik;

➡️ bozor va aholi gavjum joylarda fuqarolar tomonidan sotilayotgan, noma’lum sharoitda tayyorlangan, sifati kafolatlanmagan konservalarni xarid qilmaslik;

➡️ banka qopqog‘i ko‘tarilgan (bombaj), shuningdek rangida o‘zgarish bo‘lgan konservalarni iste’mol qilmaslik;

➡️ oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash sharoitlariga e’tibor berish, savdo do‘konlaridan konservalarni xarid qilishda uning muddati, idishlarning butunligi, qopqoqlari shishmaganligi va xavfsizligini kafolatlovchi xujjatlariga e’tibor berish;

➡️ taom tayyorlashda tozalikka va shaxsiy gigiyena qoidalariga to‘liq rioya etish.

Kiritildi: Bugun 10:25. O'qildi: 292 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!