G‘arb olimlari inson uxlayotgan paytida tanasidan o‘lik hujayralar ko‘rpaga tushishini, ular vaqtida tozalanmasa, ko‘payib, unga qaytib yotgan insonning jismiga yopishib, kasalliklar keltirib chiqarishini, har turli yo‘l bilan tozalansa ham ketmasligini, ma’lum qismi qolishini, aynan uch bora qoqish bilan ketishini aniqladilar, deydilar.
Bu g‘arb olimlari kim ekanliklari, u mikroorganizmlar qanday turda ekanligi, qanaqa kasalliklar keltirib chiqarishi noma’lum. Lekin haqiqat shuki, Alloh taoloning “Sizlar ko‘rib turgan narsalar bilan qasam ichurman. Va sizlar ko‘rmaydigan narsalar bilan ham” ("Haaqqoh" surasi 38-39-oyatlar) deganidan biz, bu ko‘rish darajamiz bilan ko‘rishga qodir bo‘lmagan olam ham borligi ma’lum, aniq.
Zamonaviy ilm ham ko‘rpa-to‘shaklarimizda bizga ko‘rinmaydigan, insonning to‘kilib tushgan terisi bilan oziqlanadigan kanalar mavjudligini isbotlaydi. Ularning umri bir oy. Urg‘ochisi bir bor tuxum qo‘yganida har gal 20-30ta qo‘yadi. Munosib harorat va 50-80%li namlikda shiddat bilan ko‘payadi. Payg‘ambar alayhissalom: “Sizlardan biringiz to‘shagiga yotmoqchi bo‘lsa, izorining ichi bilan uni 3 marotaba qoqsin. Zero u unda nima borligini bilmaydi” dedilar. (“Sahihul Buxoriy” 6320).
Hadisdan olinadigan foydalar
– Qo‘l bilan emas, izor bilan qoqishga buyurishlari, inson o‘zi bilmagan holda zarar yuqqan qo‘lini og‘izga yo burunga tekkizib zararlanmaslik uchundir.
Izorning ich tomoni bilan qoqishlik esa, uning tashqi ko‘rinishini asrash uchundir.
– “U havodan nutq qilmas” (“Najm” surasi, 3-oyat) Payg‘ambar alayhissalomning har bir so‘zlari asosli ekanligini, unda hali kashf qilinmagan ilmiy mo‘jizalar borligini isbotlaydi.
Manba: azon.uz