"Urganch–Xiva" pulli avtomobil yo‘lidan foydalanishning vaqtinchalik tartibi tasdiqlandi
Adliya vazirligi "Urganch–Xiva" pulli avtomobil yo‘lidan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami 3949, 2026 yil 30 sentyabr).
🔰 Unga ko‘ra:
📢 operator yo‘ldan foydalanish boshlanishidan oldin tariflar, to‘lov usullari hamda muqobil bepul yo‘l haqidagi ma’lumotlarni e’lon qiladi;
📄 pulli yo‘ldan foydalanish operator va foydalanuvchi o‘rtasidagi ommaviy shartnoma asosida amalga oshiriladi;
💳 to‘lovlar elektron shaxsiy hisob, to‘lov punkti yoki kechiktirilgan to‘lov usuli orqali amalga oshiriladi;
💰 yo‘ldan foydalanish uchun to‘lov miqdori transport vositasi toifasiga qarab, Transport vazirligi tomonidan belgilangan eng yuqori miqdorlardan oshmagan holda operator tomonidan belgilanadi;
🔎 foydalanuvchi to‘lov tarixi va qarzdorligini tekshirish, noto‘g‘ri hisoblangan to‘lovni qayta hisoblashni talab qilish hamda operatorning harakatlari ustidan Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega;
⏳ to‘siqsiz tizimda kechiktirilgan to‘lov qo‘llanilganda, to‘lov xabarnoma yuborilgan kundan boshlab besh ish kuni ichida amalga oshirilishi lozim;
📝 qarzdorlik bo‘yicha shikoyat kelib tushganda, operator besh ish kuni ichida ma’lumotlarni qayta tekshiradi. Shikoyat asosli bo‘lsa, qarzdorlik bekor qilinadi yoki qayta hisoblanadi;
🛠 operator yo‘lni soz holatda saqlash, avariya va texnik nosozliklarda yordamni tashkil etish hamda yo‘ldagi nosozliklar tufayli transport vositalariga yetkazilgan zararni belgilangan tartibda qoplashga majbur.
📅 Mazkur hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan kuchga kiradi hamda pulli avtomobil yo‘llaridan foydalanish tartibini belgilovchi Vazirlar Mahkamasi qarori kuchga kirguniga qadar amal qiladi.