Bugun 2 may, 2024 yil, payshanba

КИР

«Eski» abituriyentlarning bir qismi ikki marta to‘lov qiladi. Adliya vazirligi abituriyentlarni aldadimi?

«Eski» abituriyentlarning bir qismi ikki marta to‘lov qiladi. Adliya vazirligi abituriyentlarni aldadimi?

Taniqli bloger, huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘zining telegrammdagi kanalida quyidagi maqolani joyladi.

"07.06.2019 yili Vazirlar Mahkamasining 468-sonli qarori asosida Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjatlarni qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, ayrim OTMlarga (ularning soni 5 ta ) hujjat topshirish Davlat xizmatlari markazi va Yagona portal orqali amalga oshiriladigan bo‘ldi.

Mazkur qarorda ko‘pchilik e’tibor qilmaydigan bir ayyorlik o‘tib ketibdi, biz ham keyin ko‘rib qoldik buni.

Qarorning 11-bandida avvalgi yillarda tugatgan abituriyentlardan hujjat qabul qilishda EKIHning yarim baravari (101365 so‘m) miqdorida to‘lov undirilishi belgilangan.

Shu bandning o‘zida mazkur to‘lovlar Davlat test markazi faoliyatini rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltirilishi aytilgan. Ha, bu yangilik emas, bu haqida avvalroq PQ-4319-sonli Prezident qarorida (http://lex.uz/docs/4334802) ham aytilgan edi.

Bir qarashda hammasi joyidadek. Ammo qarorga ilova qilingan Reglamentda abituriyentlarni syurpriz kutib turibdi.

Reglamentning 11-bandida davlat xizmati ko‘rsatilganligi uchun avvalgi yilda tugatgan abituriyentlardan EKIH 50 foizi (101 ming 365 so‘m) miqdorida to‘lov olinishi belgilangan.

Bu pulning 50 foizi Adliya vazirligi huzuridagi jamg‘armaga, 10 foizi Ichki ishlar vazirligining jamg‘armasiga, qolgan mablag‘lar davlat byudjetiga o‘tkazilishi ta’kidlangan.

Nima bo‘lganini tushundingizmi? Demak, bundan chiqdi, TDYUU, QDU, SamDU, FarDU va GulDUga hujjat topshirmoqchi bo‘lgan hamda o‘qishni avvalgi yillarda tugatgan abituriyentlar 2 marta to‘lov qiladi:

1) DTM jamg‘armasiga o‘tadigan 101 ming so‘m;
2) Adliya, Ichki ishlar va davlat byudjetiga o‘tadigan yana alohida 101 ming so‘m.

Jami: 202 ming so‘m.

Xulosa:
OTMlar orqali hujjat topshirsa – 101 ming so‘m;
DXMlar orqali hujjat topshirsa – 202 ming so‘m.

Bunday antiqa qaror yuzasidan bir nechta savollarimiz bor:

Birinchidan, “eski” abituriyentlardan to‘lov undirish masalasi ko‘tarilgan paytda, “bu pullar kelgusida DTM faoliyatini rivojlantirish, test sinovlarining sifatini oshirishga sarflanadi”, deya tushuntirilgan edi. Ammo abituriyent nima uchun Adliya, Ichki ishlar hamda davlat byudjetiga 101 ming so‘m pul to‘lashi kerak? Bu qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi?

Ikkinchidan, ushbu qaror umumxalq muhokamasiga qo‘yilmagan, hech qayerda e’lon qilinmagan. Boshqalardan loyihani muhokamadan o‘tkazishni talab qiladigan Adliya nima uchun o‘zi bunga amal qilmaydi? Imi-jimida o‘zlariga bir necha yuz millionlab pul tushadigan qarorni tasdiqlatib olganini qanday tushunish mumkin?

Uchinchidan, DXMdagi xodimlarning ham xizmat haqi bor, ular tekinga ishlamaydiku, deyishingiz mumkin. Ammo 10 ta qatorning nari-berisi bo‘lgan 1 varaq anketani to‘ldirish uchun 101 ming so‘m olasizlarmi-a?! Insof bormi o‘zi?

Bu ish uchun nari borsa 5 ming so‘m xizmat haqi olish mumkin. Ana bor, 10 ming so‘m. Lekin undan 1 so‘m ko‘p pul olish — qip-qizil talonchilik! 101 ming so‘m esa qaroqchilikning o‘zginasi!

Eng ahmaqona joyi abituriyent internet orqali Yagona portaldan o‘zi hujjatlarini yuborsa, ya’ni hamma mehnatni o‘zi qilsa ham 90 ming so‘m to‘lashi shart ekan. E, qoyiley.

To‘rtinchidan, bir paytlar DTM “eski” abituriyentlardan 202 ming so‘m olaylik, deb loyiha e’lon qilganda, Adliyaning o‘zi bunga qarshi chiqqan , “bu fuqarolarning konstitusion huquqlariga zid” deya rosa PR qilgandi. Natijada to‘lov miqdori 101 ming so‘mga tushirildi. Ko‘pchilik Adliyani maqtadi, duo qildi.

Endi esa abituriyent baribir yana o‘sha 202 ming so‘mni to‘laydigan bo‘ldi, faqat qolgan yarmini Adliya o‘ziga oladi. Qalay, zo‘rmi? ))) Boshidan “shu pullarni yarmini bizga beringlar”, deyishsa bo‘lmasmidi, konstitusiya-ponstitusiya qilmasdan.

O‘rtada yana barcha yuk o‘sha sodda xalqning gardaniga tushadi. Ayrim tashkilotlar uyalmasdan xalqni sog‘in sigirga chiqarib olishayotgandek, xayolimda.

Mana, ular safiga Adliya ham qo‘shildi. Qiy-chuv bo‘ladigan qabul jarayonlarida pul ishlab qolishni kim ham istamaydi, deysiz. Asosiysi barchasi qonuniy, g‘ing desangiz, og‘zingizga qaror bilan urishadi.

Tovba… Nima deyishni ham, boshingni qaysi devorga urishni ham bilmaysan.

Yakunda faqat birgina so‘zimiz bor: qo‘pol qilib aytganda, Xudo insof bersin ularga…"

Kiritildi: 10:19 14.06.2019. O'qildi: 1949 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!