Janubiy Koreya tashqi ishlar vaziri Cho Xyon Ukrainadan Shimoliy Koreyalik harbiy asirlar masalasi bo‘yicha kelgan uzr so‘rashni Seul kutgan darajada emas, deb baholadi.
Uning aytishicha, Ukraina tashqi ishlar vaziri tomonidan yuborilgan xabarda uzr so‘ralgan, ammo uning mazmuni Seul kutgan darajaga javob bermagan. Shu sababli Janubiy Koreya hukumati «qat’iy choralar» ko‘rish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Variantlardan biri sifatida Janubiy Koreyaning Ukrainadagi elchisini chaqirib olish ham muhokama qilinmoqda.
Avvalroq Janubiy Koreya prezidenti Li Je Myon Ukraina ikki nafar Shimoliy Koreya harbiy asirining Janubiy Koreyaga topshirilgani haqidagi ma’lumotni oshkor qilganidan afsusda ekanini bildirgan. Seul bu holat maxfiylik to‘g‘risidagi kelishuv buzilganini ta’kidlagan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy esa BMT Bosh Assambleyasidagi nutqi chog‘ida Ukraina yaqinda Shimoliy Koreyadan bo‘lgan ikki nafar harbiy asirni Janubiy Koreyaga yuborganini ma’lum qilgan edi.
Janubiy Koreya tomonining bildirishicha, tomonlar asirlarni topshirish masalasini avval bir necha bor muhokama qilgan va operasiya maxfiy saqlanishiga kelishgan. Ukraina esa asirlarni Janubiy Koreyaga topshirgani haqidagi ma’lumotni sir saqlash bo‘yicha majburiyat olmaganini bildirdi.