Komediya rollari bilan tanilgan Vladimir Zelenskiyning shu yilning bahorida Ukraina prezidenti etib saylanishi, jahon ahlini hayratga soldi. U o‘z vazifasiga kirishgach mamlakatda yangicha siyosat olib borishga va’da bergan edi.
Payshanba kuni Zelenskiy hech qaysi siyosatchi qilmagan ishni qildi – u 12 soatdan ko‘proq vaqt davomida jurnalistlar bilan matbuot anjumani o‘tkazdi. Ukraina milliy arxivi, prezidentning bu uchrashuvini, dunyo tarixidagi eng uzoq davom etgan press-konferensiya, deb e’lon qildi. Avvalgi rekordni yetti soatdan ortiq davom etgan matbuot anjumani bilan Belorussiya rahbari Aleksandr Lukashenko o‘rnatgandi.
Yuzlab mahalliy va xalqaro jurnalistlar Zelenskiyga stol atrofida o‘tirib navbatma-navbat savollar berishdi. Prezident Ukraina sharqidagi urush, Rossiya bilan munosabatlar va AQSh prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali suhbati kabi mavzulardagi savollarga javob berdi.
Qiziqarlisi, Zelenskiy ommaviy axborot vositalariga tadbirdan oldin ovozini sozlash uchun ukol qildirganini ma’lum qildi.