Butun front bo‘ylab ukrain qo‘shinlari sun’iy yo‘ldosh aloqasidan uzilib qoldi, Downdetector esa AQSH, Polsha va Italiyada ham global uzilishlarni qayd etmoqda.
15 sentyabr kuni Ukraina qurolli kuchlari dronlar bo‘yicha qo‘mondoni Robert Brovdi («Madyar» chaqirig‘i bilan tanilgan) Starlink aloqa xizmati front chizig‘i bo‘ylab ishdan chiqqanini ma’lum qildi. U bu haqda o‘zining Telegram-kanali orqali xabar berdi, ammo qo‘shimcha tafsilotlarni keltirmadi.
Starlink — SpaceX kompaniyasiga tegishli sun’iy yo‘ldosh internet xizmati bo‘lib, u Ukrainadagi harbiy harakatlarda asosiy aloqa vositalaridan biri sifatida qo‘llanilib kelinayotgan edi. Xizmatning to‘xtashi dronlarni boshqarish va qo‘mondonlik aloqalarida jiddiy qiyinchilik tug‘dirishi mumkin.
Bu holat bilan bir vaqtda, Downdetector xizmati AQShda 40 mingdan ortiq foydalanuvchi Starlink ishida uzilishlar haqida shikoyat qilganini qayd etdi. Shuningdek, Italiya, Polsha va bir qator boshqa mamlakatlarda ham xizmatda uzilishlar kuzatilgan.
Ayrim xabarlarga ko‘ra, Donbasdagi janglarda «Vostok» guruhi ikki dona Starlink stansiyasi va to‘qqizta dron punktini yo‘q qilgan. Ammo bu holat Ukraina frontidagi keng ko‘lamli uzilish bilan bog‘liq yoki yo‘qligi hali ochiqlanmagan.
SpaceX hozircha global uzilish va Ukrainadagi to‘xtash sabablari yuzasidan rasmiy bayonot bermadi.