Greenpeace Ukraine tomonidan olib borilgan yangi tadqiqot Ukraina energetika tarmog‘i Rossiya hujumlari natijasida qanchalik zaif va himoyasiz bo‘lib qolganini va hozirda misli ko‘rilmagan yadroviy falokat xavfi yuqori ekanligini ko‘rsatdi.
Tashkilotning ta’kidlashicha, energetika tizimiga qarshi hujumlarning davom etishi mamlakatdagi atom elektr stansiyalari reaktorlari sovutish tizimlarining elektr ta’minotidan uzilishiga olib kelishi mumkin. Ularning haddan tashqari qizishi yadro yoqilg‘isining erishi va radiasiya chiqishiga olib keladi.
Hisobotda aytilishicha, atom elektr stansiyasida avariya yuz bergan taqdirda birinchi bo‘lib Ukraina aholisi jabr ko‘radi, biroq radioaktiv ifloslanish Yevropaning katta qismiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Tashkilotning fikricha, buning oqibatlari Fukusima va Chernobil AESlaridagi ofatlardan ko‘ra jiddiyroq bo‘lishi mumkin.
"MAGATE endilikda qat’iyroq harakat qilishi — Rossiya hukumati bilan aniq aloqani o‘rnatishi va zudlik bilan muhim podstansiyalarga kengaytirilgan missiyasini joylashtirishi kerak", deydi Greenpeace'ning Kiyevdagi vakolatxonasining yadroviy ishlar bo‘yicha eksperti Shon Berni.