Suv azaldan inson uchun xotirjamlik va kuch-quvvat manbai bo‘lib kelgan. Bugungi kunda esa u ruhiy va jismoniy farovonlikning muhim omili sifatida e’tirof etilmoqda. Shu bois suv bilan bog‘liq sayohat turlari, jumladan Blue Mind konsepsiyasi tobora ommalashib, sayohatchilar tabiat qo‘ynida osoyishta hordiq chiqarish imkonini beruvchi yo‘nalishlarni tanlamoqda. Ilmiy tadqiqotlar suv bo‘yida qisqa vaqt o‘tkazishning o‘zi ham stressni kamaytirishi, kayfiyatni yaxshilashi va diqqatni jamlashga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini tasdiqlaydi.
Turkiyaning Egey va O‘rta yer dengizi bo‘ylab minglab kilometrga cho‘zilgan qirg‘oqlari Bluye Mind tajribasini his qilish uchun keng imkoniyat yaratadi. Mamlakatda uzoq tarixga ega Moviy sayohat an’anasi esa dengiz, tabiat, gastronomiya va tarixni bir yo‘nalishda birlashtiradi.
Egey durdonsi: Cheshme va Alachati
Izmir viloyati zaytun va vino yo‘nalishlari, Egey oshxonasi hamda Michelin e’tirofiga sazovor restoranlari bilan tanilgan. Bu hudud maftunkor kurort shaharchalari va dengiz sayohati uchun qulay yo‘nalishlari bilan sayyohlarni o‘ziga jalb etadi.
Cheshme qirg‘oqlaridagi Ilija, Ayayorgi, Pirlanta va Boyalik ko‘rfazlari, shuningdek, Eshak oroli Egey dengizining tiniq suvlari va sokin muhiti bilan ajralib turadi. Bu hududlarda suzish, dengiz bo‘yida hordiq chiqarish va yaxta sayohatlari keng tarqalgan. Cheshme yaqinidagi Alachati esa barqaror shamollari tufayli dunyoning yetakchi vindsyorfing markazlaridan biri hisoblanadi.
Yarimorolning Urla hududida Michelin e’tirofiga sazovor restoranlarda organik mahsulotlar, yangi dengiz ne’matlari va Egey o‘tlaridan tayyorlangan taomlar mahalliy ichimliklar bilan uyg‘unlikda taqdim etiladi. Egey sohilida o‘tgan kun sokin tabiat, o‘ziga xos ta’m va dengiz manzaralarini bir butun taassurotga aylantiradi.
Moviy sayohat manzili: Bodrum
Turkiyada Moviy sayohat an’anasining beshigi sifatida tanilgan Bodrum hashamatli mehmonxonalari, musaffo plyajlari va zamonaviy marinalari mashhur. Gumushlukk, Bitez, Yalikavak, Go‘lturkbuku, va Orak oroli atrofidagi moviy suvlar Bodrumdan boshlanadigan dengiz yo‘nalishining eng jozibali bekatlaridandir. An’anaviy turk guletlarida amalga oshiriladigan sayohatlar davomida sayyohlar firuza rang ko‘rfazlarda to‘xtab, suzish, snorkeling va dengiz hayotini kuzatish imkoniga ega bo‘ladi. Go‘kova ko‘rfazidagi Maden, Ingliz bandargohi, Quyon oroli va Akyaka ham ushbu yo‘nalishning mashhur maskanlaridandir.
Bodrum bugenvilliyalar bilan bezalgan tor ko‘chalari, oppoq an’anaviy uylar, Moviy bayroq maqomiga ega plyajlari va boy tarixiy merosi bilan ajralib turadi. Shaharning asosiy diqqatga sazovor maskanlaridan Bodrum qal’asi va uning hududida joylashgan Suv osti arxeologiyasi muzeyi hamda qadimgi dunyoning yetti mo‘’jizasidan biri hisoblangan Galikarnas maqbarasi qoldiqlari alohida o‘rin tutadi.
Bodom bog‘lari va qadimiy sohillar oralab: Datchadan Marmarisgacha
Qadimiy zaytunzorlar va bodom bog‘lari bilan o‘ralgan Datcha an’anaviy tosh uylari, sokin ko‘chalari va tabiiy qiyofasini saqlab qolgan sohillari bilan sokin va zavqli manzil istaganlar uchun maqbul tanlov hisoblanadi.
Palamutbuku, Hayitbuku va Akvaryum ko‘rfazi kabi xilvat maskanlarining tiniq suvlari suzish, snorkeling va dayving uchun qulay sharoit yaratadi.
Knidos qadimiy shahri xarobalari esa mintaqaning boy tarixidan darak beradi. Afrodita ibodatxonasi va dengizga qaragan mahobatli teatr bu hududning eng qadimiy obidalaridan sanaladi. Ayniqsa, Knidos quyosh botishi manzaralari bilan alohida e’tibor qozongan.
Marmarisdagi tarixiy qal’a bugungi kunda Marmaris muzeyiga aylantirilgan bo‘lib, uning ekspozisiyalarida mintaqaning dengizchilik tarixi va arxeologik merosi yoritiladi.
Egey “jannat”i: Go‘jek va Fethiye
Fethiye ko‘rfazidagi Go‘jek jahon darajasidagi marinalari va yaxta sayohatlari bilan tanilgan. Aynan shu yerdan Go‘jek oroli, Yassija orollari, Bedri Rahmi ko‘rfazi, Tersane oroli va Boynuzbuku ko‘rfazi tomon dengiz yo‘nalishlari boshlanadi.
Go‘jek yaqinidagi Kleopatra hammomlarining suv ostida qolgan qadimiy xarobalari esa suzish va snorkeling ishqibozlari uchun betakror tajriba taqdim etadi. Katranji, O‘ludeniz va Kabak ko‘rfazi kabi tabiat mo‘’jizalari Fethiyening eng ko‘zga ko‘ringan sohillaridan sanaladi.
Go‘jek atrofidagi quruqlik yo‘nalishlari ham alohida e’tiborga loyiq. Maftunkor Dalyan shaharchasi sayyohlarni qoyatoshlarga o‘yib ishlangan maqbaralari bilan mashhur Kaunos shahrini kashf etishga chorlaydi. Yaqin atrofdagi Iztuzu plyaji esa O‘rta yer dengizida yo‘qolib borayotgan karetta-karetta dengiz toshbaqalari uchun eng muhim tuxum qo‘yish hududlaridan biri sanaladi. O‘ludeniz esa paraplan parvozlari bilan mashhur.
Kash va Kekova
Turk Riviyerasining yuragi sanalgan Antaliya Moviy sayohat uchun eng munosib manzil hisoblanadi. Bu yerda firuza rang dengiz suvlari O‘rta yer dengizining hayratlanarli manzaralari bilan uyg‘unlashib, sayohatga betakror ruh bag‘ishlaydi.
Antaliyadagi eng mashhur dengiz yo‘nalishlaridan biri Kash va Kekova oralig‘idagi sayohatdir. Ushbu yo‘nalishda Limanag‘zi, Guverjin oroli, Aperlai, Tersane ko‘rfazi, Uchag‘iz va Kaleko‘y kabi xilvat qo‘ltiqlar hamda go‘zal bekatlar joylashgan. Bu yerda tiniq suvlarda suzish, rang-barang dengiz hayotini kuzatish va suv osti merosi bilan tanishish sayohatni unutilmas tajribaga aylantiradi.
Kash dunyoning yetakchi dayving yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, shahar rang-barang qoyalar va tarixiy kema qoldiqlarini o‘rganish uchun keng imkoniyat yaratadi. Kekovada esa mashhur Cho‘kkan shahar xarobalarini qayiqda tomosha qilish mumkin.
Antaliya dengiz manzaralari bilangina emas, balki boy madaniy va tabiiy merosi bilan ham e’tibor tortadi. Aspendosning mahobatli qadimiy teatri, Pataraning arxeologik xazinalari, musaffo Moviy bayroqli plyajlar va Likiya yo‘lining hayratlanarli manzaralari bu hududni yanada jozibali qiladi.
O‘rta yer dengizining yangi dengiz mahsulotlari, mavsumiy ne’matlar va mahalliy ta’mlarga boy taomlar Antaliya taassurotlarini yanada yorqin va esda qolarli qiladi.