Turkiyaning yetakchi axborot agentligi “Anadolu” sun’iy intellektning OAVga transformativ ta’sirini o‘rganish uchun “Ommaviy axborot vositalarida sun’iy intellektni boshqarish” forumini tashkil qilmoqda.
13 dekabr kuni Anqarada bo‘lib o‘tadigan forumda sun’iy intellekt sohasidagi mutaxassislar, OAV va akademik doira vakillari, rasmiylar va amaliyotchilar ishtirok etadi.
Anjumanda dastlab sun’iy intellektning kundalik hayotga va OAVga ta’siri, huquqiy va axloqiy jihatlari hamda ilovalari muhokama qilinadi. Mutaxassislar ayni mavzular bo‘yicha fikr-mulohazalarini bildiradi.
“Utopiya yoki distopiya: 2040 yilga kelib ommaviy axborot vositalarini qanday ko‘ramiz?” nomli munozara ham barchada jiddiy qiziqish uyg‘otishi kutilyapti.
Yakuniy qismda forum qatnashchilari birgalikda tadbirning asosiy natijasi sifatida “Ommaviy axborot vositalarida sun’iy intellektdan axloqiy foydalanish bo‘yicha yo‘riqnoma” tayyorlashadi.
Forum ishtirokchilari “Anadolu” agentligi va Turkiya media texnologiyalari xakatonini birlashtirgan “Media texnologiyalari vodiysi” hamkorlik bayonnomasini imzolash marosimida ham ishtirok etadilar.