Bugun 29 noyabr, 2026 yil, yakshanba

КИР

Turkiyada jamoat transportlari qanday yo‘lga qo‘yilgan?

A A A
Turkiyada jamoat transportlari qanday yo‘lga qo‘yilgan?

Turkiyada jamoat transporti vositalari juda ham rivojlangan ekan. Tramvay, avtobus, marshrutka, metro va metrobuslar biror lahza to‘xtab qolmasdan, odamlarni atayin yig‘ish uchun vaqt o‘tkazmasdan tinmay harakatda. Tramvaylar ikkita vagondan iborat va juda uzun bo‘lib, maksimal darajada yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan. Salonda doimiy ravishda kondisionerlar ishlab turadi. Har safar kelasi bekat haqida ikki martadan e’lon bilan ogohlantiriladi. Tramvay bekatlari juda zamonaviy tusda qurilgan va ularga turniket orqali kiriladi. Buning uchun "istanbul kart" degan maxsus kart olinadi.

U tekin, faqat, ma’lum miqdorda pul yuklashingiz lozim bo‘ladi va boshida 7 lira garov sifatida kartga yuklanadi. Qaytayotganingizda duch kelgan kioskka topshirsangiz mazkur garov pulini qaytarib berishadi. Xullas, tramvay, metrobus va metro stansiyalariga kirish uchun turniketdagi maxsus joyga istanbul kartni tekkizsangiz, undan arzimas miqdorda pul yechib oladi va turniket to‘siqlari ochiladi. Tegishli miqdor yechib olingani va turniketdan o‘tish mumkin bo‘lganligi signal orqali bildiriladi.

Karttan yechilayotgan pul Istanbulning maishiy hayot saviyasiga nisbatan ancha arzonligi va taksi to‘lovidan bir necha barobar pastligi uchun, uning miqdoriga jiddiy e’tibor bermadim. Tramvaylarda taxminan 1,5 lira atrofida, metro va metrobuslarda esa 2,5 lira atrofida pul yechiladi, adashmasam.

Istanbul metropoliteni (istanbul metro) benihoya rivojlangan va ko‘p tarmoqli ekan. Bitta stansiyadan bir necha yo‘nalishlar bo‘yicha boshqa-boshqa stansiyalarga o‘tib ketiladi. Ba’zi stansiyalar ustma-ust joylashgan. Bir stansiyada lift orqali yer ostidan to‘rt qavat yuqoriga ko‘tarildik. Har bir qavatidan metro yo‘li o‘tgan. Odamlar boy yoki kambag‘alligidan, o‘ziga to‘q yoki qiynalganligidan qat’iy nazar jamoat transportlaridan foydalanishmoqda.

O‘zbekistonda o‘z shaxsiy mashinasi bo‘lgan yoki mashinasi bo‘lmasa ham aslo jamoat transportidan foydalanmaydigan balki, doimo taksida yurishga odatlangan odamlarni o‘sha yerda faqat va faqat jamoat transportidan foydalanganliklarining guvohi bo‘ldim. Agar ijaraga moshina olmagan bo‘lsa, shuningdek, kimdir o‘z moshinasida xolis xizmat qilmasa, u yerdagi aholining aksar qismi va u yerga borgan deyarli hamma umumiy jamoat transportidan foydalanar ekan. Buning bir nechta sababi bor:

Birinchidan, u yerda taksi xizmati juda qimmat. Ikkinchidan, umumiy transport vositalari nihoyatda qulay. Shu o‘rinda o‘zimda bir savol paydo bo‘ldi: "nima uchun bizda ham taksi arzon bo‘lmasa-da odamlar umumiy transportdan (metro mustasno) kamroq foydalanadilar. Vaholanki, bizdagi taksi narxlari ham aslida maishiy hayot saviyasi va oylik maoshlarga nisbatan bir muncha qimmatdir?!"

Menimcha, buning asosiy sababi bizda umumiy transport vositalarining qulaylik va manzilga tezda yetkazish jihatidan u qadar rivojlanmaganligi bo‘lsa kerak. Ba’zi avtobus yoki marshrutkalarni inson ko‘p vaqt kutib qoladi. Ancha kutgandan keyin kelganda qarasa, ichi to‘lib ketgan, ustiga ustak kondisioner ham yo‘q. Shundan keyin diqqinafas bo‘lib, mazasi qochib qolishidan ko‘ra taksi to‘xtatishni afzal ko‘radi. Axir, odamlar uchun qulaylik ham katta ahamiyatga ega.

Manba: azon.uz

Kiritildi: 05:46 07.08.2018. O'qildi: 2279 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik