Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

«To‘polon qilganim uchun ota-onam... vafot etdi»

«To‘polon qilganim uchun ota-onam... vafot etdi»

Indamas Salima hikoyasi

Salima olti bolali oilaning to‘rtinchi farzandi ekan. Qabulimga kelganida 8 yoshda edi. Salimani indamaslik holatiga itqitgan voqealar u besh yoshidaligida boshlangandi.

Salima besh opa-akasi, ota-onasi bilan o‘z dunyosida risoladagidek hayotda yashar ekan, to‘satdan onasi xastalanib qoladi. O‘sha kezlarda Salima besh yoshlarda edi. O‘zidan katta ikki opasi, bir akasi va undan kichik ikki ukasi bor edi. Oilaning kichik farzandini dunyoga keltirish jarayonida ona sog‘lik borasida jiddiy muammolarga duch keladi. Uzoq muddat davolanadi. Xastalik bilan har qancha kurashmasin, ayolning sog‘ligi tiklanmaydi. Shifokorlar kasalxona holatidan uyiga borib, so‘nggi kunlarini uyida, xotirjam o‘tkazsin deb bemor ayolni uyiga jo‘natib yuborishadi. Bir necha oy buvisi, amma-xolalari va boshqa qarindoshlar uyga, bolalarga qarashadm. Bir kuni ona hayotdan ko‘z yumadi.

Hammadan ko‘ra ko‘proq kerak bo‘lgan paytda Salimaning hayotidan ona chiqib ketadi. Oradan bir yarim yil o‘tadi. O‘z hollarida bir amallab yashashga ko‘nikishadi. Katta qizlar uy-ro‘zg‘or ishlariga qarashib, kichkina bolalarga onalik qilar, Salima dadasi bilan birga do‘konda ishlaydi. Do‘konlari uyning pastki qavatida joylashgan bo‘lib, ota bolalaridan xotirjam ishini bajarardi. Ro‘zg‘orboshi bolalarini hech kimga muhtoj qilmasdan amallab kunini o‘tkazar edi.

Bir kuni opa-akalari ukalarini olib yaqin qarindoshlarinikiga borishadi. Salima otasining yonidan ayrilmaydi. Qancha majburlashsa ham, borgisi kelmaydi. Otasi ham qizining qarindoshining ketmaganiga indamay qo‘ya qoladi. Peshindan keyin ota va qiz do‘konni yig‘ishtirishadi. Salima otasi aytganiday qilib hamma joyni tozalab, supuradi. So‘ng radioni yoqadi. Tashqaridagi shovqindan musiqa ovozini eshitolmagani uchun, radioning ovozini balandlatadi. Otasi boshi og‘riganini aytib, musiqa ovozini pastlatishini so‘raydi. Salima otasining aytganlarini eshitmaganga oladi. Bolalar ba’zan shunaqa quloqsizlik qilishadi-ku. Birozdan keyin otasi boshi og‘riyotganini aytadi. Rang-ro‘yi so‘ladi. Salima tez-tez otasining yoniga keladi bosh og‘rig‘i qoldimi deb. Otasi bosh og‘rig‘iga chidolmay dori olish uchun uyga chiqadi. Issiqdan bo‘g‘ilganini, biroz mazasi bo‘lmayotganini aytadi. Salimaga do‘konga ehtiyot bo‘lishini, bir pasda dori olib ortiga qaytishini aytadi. Oradan ko‘p vaqt o‘tsa-da, otasidan darak bo‘lmaydi. Kutadi, ota kelmaydi. Uyga chiqib otasini chaqiradi, javob bermaydi. O‘tiriladigan xonaga kirsa, otasi Salimaning ko‘zi oldida yurak xurujiga uchraydi. Salima otasining o‘lim bilan kurashishiga, yerga ag‘anib tirmalanishiga va… jon berishiga guvoh bo‘ladi. Otasi so‘ngi nafasini berib, yerda jonsiz yotar ekan, uni uyg‘otishga urinadi.

Otasi uyg‘onmaydi. Derazadan pastga qarab baqiradi:

—  Yordam bering! Imdod! Dadamga bir nima bo‘ldi. Yordam bering!

Ko‘z ochib yumgunchalik fursatda uyga mahalladagilar keladi. Janoza ishlari o‘tgach, bir yarim yil onasi vafot etgan bu olti qorako‘zning qismati nima bo‘lishi haqida qarindoshlar orasida bahs boshlanadi. Biri yetimxonaga topshiramiz deydi, boshqasi o‘zimiz olamiz deydi. Xullas, qarindoshlar o‘zaro kelishib, “Har birimiz bittasini olaylik, shunday qilsak bolalar yurtidan ayrilma ydi. Ora-sirada bo‘lsa-da, bir-birlarini ko‘rishadi” degan xulosaga kelishadi. Salimani uni boshqa jiyanlaridan ko‘proq yaxshi ko‘radigan ammasi o‘ziga oladi. Ikki yildan beri Salima umuman gapirmaydi.

Bu gaplardan qattiq mutaassir bo‘ldim. Bundan avval ular murojaat qilgan psixolog mutaxassislarning nomini eshitib,  xavotirim yana ortdi. Bir tomondan, “Harakat qilib ko‘ray-chi, balki, qo‘limdan biror ish kelar” deya umid qilardim. Bu qizcha haqida eshitib, kelishini sabrsizlik bilan kuta boshladim. Ammasi bor gapni aytib berdi.

—  Yangamiz va akam vafot etganidan keyin men ham uni sevintirolmadim. Ikki yildan chehrasi ochilmaydi. O‘zidan bilib hech narsa qilmaydi. Faqat gapirmasa, mayliku, lekin xuddi jonsiz robotga o‘xshaydi. Masalan, dasturxonga o‘tirib ovqat yeymiz “Salima, kel dasturxonga” desak keladi. “Salima endi turishing mumkin” demasak turmaydi. Avval e’tibor bermadik, oldimizga olib uzoq tushuntirishga urindik.  Unga uyimizning qizi ekanini, uyda kim yashasa, unga o‘xshab hamma narsada haqi borligini tushuntirdik. Hech qaysining foydasi bo‘lmaydi. Vaqti kelib g‘azablanib, qaysarligini sindirish uchun bir nimalar qildik. Dasturxon tayyor bo‘lganida kel, demadik. Och qolgan kunlari bo‘ldi. Yoxud “tursang bo‘ladi” demadik, bir necha soat stolda qolib ketdi.  Bu gaplarni aytish uchun vijdon bo‘lmasligi kerak insonda…

U bilan o‘tkazgan ilk muolajam hamon yodimda. Xatti-harakatlari xuddi meni eshitmayotgandek, lekin butun diqqat-e’tiborini menga qaratganini his qildim.

– Men seni juda ham yaxshi ko‘rib qoldim…

–  …

–  Rostan jiddiy gapiryapman, yaxshi ko‘rib qoldim seni.

– …

–  Buncha yaxshi, hecham gapirmaysan. Boshqa bolalarday vijir-vijir qilib boshimni qotirmaysan.

Ko‘zlarimga qarab, tabassumini yashirishga uringandek lablarini tishlab, boshini tebratdi.

–  Bilasanmi, ba’zan bolalarning hayotida hamma narsa yaxshi kechmaydi. Mening ishim esa, ularni hammasi yaxshi bo‘lishiga ishontirish. Meni eshitayotganingni bilaman, hatto men bilan gaplashayotganingni ham his qilaman.  Bolalar mendan yordam  istashadi, men ham ularga yordam beraman. Har doim shunday bo‘lgan.

– …

–  Lekin hozir hammasi boshqacha bo‘lyapti. Men sendan yordam istayman. Agar menga yordam bersang, izn bersang, seni gapirishingga to‘siq bo‘layotgan narsani topaman. Chindan aytyapman… Ishon menga, izn berasanmi?

Boshini tebratdi! Ha, ha, boshini tebratdi!

– Qo‘limda har xil suratlar bor, bu rasmlarni bolalarga ko‘rsataman, ular menga suratlar bilan bog‘liq hikoyalar gapirib berishadi. Ular menga hikoyalar aytib berishsa, men ham ularning xursand qilishga harakat qilaman. Yana hamma sir hikoyada. Bilaman, sen gapirmaysan. Lekin menga hikoyangni aytib bersang, gapirganingni hech kimga aytib bermayman. Bu ikkimizning o‘rtamizda sir bo‘lab qoladi, xo‘pmi?

Bir muddat o‘ylab o‘tirdi. Boshini o‘ngga-chapga o‘ynatdi. Ha bilan yo‘q orasida edi. Birdan tasdiq ma’nosida boshini tebratdi. Ro‘paramda edi. Men unga suratlar ko‘rsatardim, u menga hikoyalar aytardi. Ishimiz tugagach unga minnatdorchilik bildirdim. So‘zlab berganlarini tahlil etishning hojati ham yo‘q edi. Shunchalik sodda, shunchalik pok tilda o‘z hikoyasini gapirib bergandi.

Salimaning o‘ylari ostin-ustun edi. Mana, Salimaning tahlilga ehtiyoji yo‘q, ammasi eshitganida ko‘z yoshlari selob oqqan, mushohada qilganimda meni o‘kirib-o‘kirib yig‘latgan hikoyasi:

“Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Bir paytlari bir mamlakat bo‘lgan ekan. Bu mamlakatda ota-onasi bilan yashaydigan, juda ham baxtiyor bolalar bo‘lgan ekan. Bolalar “mehmon-mehmon” o‘ynashar ekan, ota-onalari ularni hech qachon urishmas, jerkimas ekan.  Bolalarning onasi bir kuni kasal bo‘lib qolibdi. Bolalar juda qattiq xafa bo‘libdi. Lekin bolalarning qayg‘usini hech kim bilmas ekan. Onani har doim kasalxonaga olib borishar ekan.  Dorilar berishibdi, juda achchiq dorilar ekan. Onasi bolalarini yolg‘iz qoldirmaslik uchun dorilarini ichibdi. Bolalarga onasini sog‘ayishini aytishibdi doktorlar.  Bir kuni onani uyga olib kelishibdi. Bolalar onasi kelganiga juda xursand bo‘lishibdi. Onasi faqat yotoqda yotarmish. Endi bolalariga ovqat qilolmas ekan. Bolalar o‘ksinibdi. Onasining yonida o‘ynab o‘tiribdi. Nega onasining yonida o‘ynashar ekan, bilasizmi? Onasi biroz xursand bo‘lishi uchun. Lekin buvisining jahli chiqar ekan bunga. “Shovqin qilmalaring! O‘zi onangiz sizlar tufayli kasal bo‘ldi!” deb bolalarga jahl qilar ekan. Bolalar bilishibdiki, ular bebosh bo‘lgani uchun onasi kasal bo‘libdi. Bolalar onasi sog‘ayishi uchun uni quvontirishga harakat qilisharkan, lekin buni hech kim tushunmas ekan. Hamma bolalarini siltalab urishgani sari, onasi ham o‘ksinar ekan.

Bir kuni ona vafot etibdi. Hamma yig‘labdi. Bolalar onasi nega o‘lganini bilishibdi, ular yaramas bola bo‘lgani uchun onasi o‘lib qolibdi. Bolalar uyda dadasi bilan yashay boshlashibdi. Bir kuni buvisi kelib ovqat pishirayotgan ekan, bolalar to‘polon qilishibdi. Buvining jahli chiqibdi: “Qizim sizlar tufayli o‘lib ketdi! Onangizga quloq solmadingiz, kasal qildingiz qizimni. Sizning dastingizdan o‘lib ketdi, sho‘rlik! Menga quloq solmasdan to‘polon qiling, meni ham o‘ldiringlaru, egasiz sarson qolinglar! Ko‘ramiz, kim senlarga qaraydi keyin!” debdi.

Bir kuni Salima dadasi bilan do‘konda o‘tirgan ekan. Opa-akalari, ukalarini olib amakisinikiga mehmonga borishibdi. Salima otasining yonida o‘tiradigan bo‘libdi. Hech to‘polon qilmasdan, dadasiga yordam berar ekan. Onasi bolalari uyda bo‘lmaganida kasal bo‘lib qolgani uchun, dadasini hech yolg‘iz qoldirishmas ekan. Dadasi bolalarini hech urishmas ekan. Hatto to‘polon qilishsa ham. Salima do‘konda dadasiga yordam beribdi. Hamma yoqni supurib, tozalabdi. Qo‘llari biroz og‘ribdi. Radioni qo‘yibdi. Dadasining boshi og‘ribdi. “Qizim, shuni o‘chir qol” debdi. Salima eshitibdiyu, eshitmaganday o‘tiribdi. Radiodan u sevgan musiqa yangrayotgan ekan. Birozdan keyin dadasi uyga ketibdi. Dori ichib qaytishi kerak ekan. Lekin qaytmabdi. Salimaning xayoliga buvisi aytgan gaplar kelibdi. Onasi bolalarining beboshligi tufayli o‘lib ketgandiku!  Salima qattiq qo‘rqib uyga chiqibdi. Dadasini qidiribdi. Xonaga kirib qarasa, dadasi bir nimalar qilayotganmish. Salima qo‘rqib ketibdi. Dadasi Salimaga “ket” degandek imo-ishora qilibdi. Salima ketmabdi. Dadasi yerda uxlab qolgan ekan, uyg‘otmoqchi bo‘libdi. Uyg‘onmagach yig‘lab qo‘shnilarni chaqira boshlabdi.  Keyin uyga odam to‘libdi. Salima hech kimga aytolmabdi, lekin ichida qattiq ranjibdi o‘zidan. Dadasi “ket” deganda ketmagani uchun o‘zini aybdor his qilibdi. Dadasiga quloq tutmay, esi yo‘q qiz bo‘libdi. Agar ketganida, musiqa ovozini pasaytirib, dadasining boshini og‘ritmasaydi, dadasi vafot etmasdi. Salima tufayli dadasi o‘lib ketibdi. Qarindoshlari bolalarni taqsimlab olishibdi. Salima opalaridan ayrilishni istamas ekan. Ayniqsa, kichik ukasini juda qattiq yaxshi ko‘rar ekan. Ammasi yoniga kelib: “Qizim, sen endi mening qizimsan, biz bilan yashaysan” debdi. Salima juda ham xursand bo‘libdi.  Shunday xursand bo‘libdiki, ammasini juda ham yaxshi ko‘rar ekan, istagan paytimda opa- ukalarimni ko‘rgani olib borishadi, deb o‘ylabdi. Ammasining uyiga kelganida “Endi bular mening ota-onam,- debdi o‘ziga o‘zi.- Ota-onamni men o‘ldirdim. Beboshlik qildim, quloqsiz qiz bo‘ldim. Yangi ota-onamni juda ham yaxshi ko‘raman. Ularga bir narsa bo‘lsa men nima qilaman?!” deb ezilibdi. Keyin xayoliga bir narsa kelibdi. Tunda uxlashdan oldin yotog‘iga o‘tirib duo qilar ekan. “Allohim! Men juda ham quloqsiz, yaramas qizman. Ota-onam men tufayli o‘ldi. Ammam bilan pochcham juda ham yaxshi insonlar. O‘tinaman, men tufayli ularning jonini olma. Agar ularga biror nima bo‘lsa men kim bilan qolaman? O‘tinaman, Allohim, menga yordam bergin. Hech qachon gapirmasligim uchun menga yordam bergin. Men gapirsam, o‘ynab, to‘polon qilsam oyim bilan dadam o‘lib qolishadi. Doim jim o‘tirishim uchun menga yordam bergin, Allohim! Nima deyishsa, aytganlarini qilaman. Ular aytmasdan hech narsa qilmayman. O‘tinaman, ularni mendan olib qo‘ymagin!..”

O‘sha kundan keyin Salima hech gapirmabdi. Kulmabdi. “Agar men kulsam, uyda shovqin bo‘ladi, ammam bilan pochchamning boshi og‘rib o‘lib qolishadi” deb qo‘rqar ekan. Doim jim o‘tirarkan…”

Hikoyasi tugab, Salima ko‘zlarimga qaradi va shunday dedi:

—  Bilasizmi, haliyam har kecha duo qilaman, Allohim, yordam bergin, men gapirmayin, gapirmasligim uchun menga yordam bergin!- deya. – Ba’zan juda ham xursand bo‘lib ketaman. O‘shanda qattiq qo‘rqaman, sevinchdan qiyqirib yuborsam shovqin bo‘ladi, onam o‘lib qoladilar deb…

Jajjigina jussasiga naqadar ulkan vazifani ortib olgan ekan bu qizaloq!

Qaysi birimiz eng so‘zamol, eng gapdon holimizda indamaslikni uddalay olamiz?! Qaysi birimiz, birgina muzqaymoq olganda hatto sevinchdan qiyqirib yuborayozgulik holatda, o‘zimizni tiya olgandik? Qaysi birimiz?! Bunday ulkan va cheksiz qalb, katta ruh, keng ko‘ngil nechtadamizda bor, azizlar?!..

Manba: azon. uz

Kiritildi: 21:00 13.11.2019. O'qildi: 2867 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!