AQShda prezidentning qizi va uning ma’muriyatining xodimi Ivanka atrofida shov-shuv ko‘tarildi. U Xillari Klinton xatosini takrorlab, shaxsiy pochtasi orqali yuzlab xizmat xatlarini yubordi.
Oq uy rahbarining o‘zi bunday harakatlarni yoqlamaydi, lekin u o‘z qizini oqladi. Bu holat, kelajakda prezidentlik lavozimini egallashni istayotgandek ko‘rinayotgan Ivankaning obro‘siga qanday ta’sir qiladi. RIA Novosti buni tahlil qildi.
“AQSh prezidentining qizi va maslahatchisi Ivanka Tramp 2017-yilda shaxsiy elektron pochta manzilidan yuzlab xizmat xatlarini yubordi va shu bilan Oq Uyning qoidalarini buzdi” - Amerika gazetasida chop etilgan bu ma’lumot bir necha daqiqada dunyo ommaviy axborot vositalarida tarqalgan.
Shaxsiy elektron pochta orqali Ivanka o‘z hamkasblariga murojaat qilgan. Uning vakillari esa, tezda barcha xabarlarni Oq Uy arxivlariga yetkazishgan va ular unchalik muhim emasligini, balki maishiy mavzular haqida ekanligini ta’kidlashgan.
Biroq, Trampning raqiblari darhol tarixiy dalillarni keltirib, prezidentning qizi Xillari Klinton uslubida “Oq uy” qoidalarini buzganlikda ayblashdi. Tramp ham “ochiqchasiga ikkiyuzlamachilik” uchun tanqid qilindi. Saylov kampaniyasi vaqtida u Klintonni davlat kotibi sifatida shaxsiy pochtasidan ish yozishmalarini jo‘natgani uchun uchun qattiq qoralab, bahs davomida hokimiyatga keladigan bo‘lsa, uni qamoqqa jo‘natishni va’da qilgandi.
Ushbu janjal Klinton prezidentlik poygasini yutqazishida muhim rol o‘ynadi. Bu safar vaziyat boshqacha. Tramp, qizini himoya qilish uchun, ularni butunlay boshqacha holatlar deb da’vo qilmoqda: Xillari pochta orqali xatlarni hukumatga tegishli masalalarni muhokama qilish uchun ishlatgan va ommaviy axborot vositasida xabar paydo bo‘lgunga qadar serverdan 33 mingdan ortiq xatni o‘chirib tashlagan. Ivanka sirlarga tegmadi va hech narsani yo‘q qilmadi - barcha xabarlar Prezident arxivida saqlandi.
Ivanka Trampning surati bolalikdan boshlab, doimo jamoatchilik e’tiborida bo‘lgan.
1981-yilda, magnat Donald Tramp va uning rafiqasi Chexiyalik model Ivana oilasida qiz tug‘ildi. Tug‘iliboq, otasining sevimlisiga aylangan qizga onasining ismi berildi.
Ivanka, bolaligida otasining ofisida o‘ynashni yaxshi ko‘rar, uning hamkorlari bilan shartnoma tuzishini tinglardi. Qiz o‘n yoshligida oila ajrashdi. O‘sha paytda ommaviy axborot vositalari u haqda birinchi marta gaplasha boshladilar.
Yoshligida Ivanka model bo‘lishga intildi, ammo u hech qachon o‘qishni to‘xtatmagan. Nufuzli Uorton biznes maktabida u eng yaxshilar qatorida edi. Boyvuchcha ota-onalarning farzandlari bo‘lgan talabalarning ko‘pchiligi kayfi safoga berilgan turmush tarzini kechirishgan bo‘lsa, Ivanka kitoblar bilan vaqt o‘tkazgan.
Iqtisodiyot fakultetini tugatgach, u millionerlardan birining quruvchi kompaniyasida ishladi, bir yil o‘tib esa otasining shirkatiga ishga o‘tadi. Bu yerda u ikki yil ichida qurilish va ta’minot bo‘yicha vise-prezident lavozimiga ko‘tariladi. Tramp unga eng jiddiy loyihalarni ishonib topshiradi va eng qiyin muzokaralarni ishona boshlaydi.
Ivanka boshqargan kompaniyalar tezda daromadini oshirib boradi. “Etakchilik fazilatlariga ega zamonaviy kuchli ayollar” uchun zeb-ziynatlar va keyinchalik kiyimlar va sumkalar markasi anchayin mashhurlikka erishdi.
Qizning shaxsiy hayoti ham muvaffaqiyatli kechmoqda. 2007-yilda, biznes uchrashuvlarning birida uni Nyu-Yorkdagi taniqli shaxsning o‘g‘li Jared Kushner bilan tanishtirildi.
Siyosatshunoslar Trapning saylovlarda g‘alaba qozonishini ta’minlagan oq tanli ayollarning ovozini olishiga aynan “Ivanka effekti” sabab bo‘lganini istisno etishmaydi. Oq uyga ko‘chishdan oldin Tramp “qiziga uning ma’muriyatida joy ko‘rmayotganini” aytgandi. Ammo, keyinchalik u o‘z fikrini o‘zgartirdi va Ivanka prezidentning yordamchisi, uning eri esa katta maslahatchi bo‘ldi.
Trampning rafiqasi Melaniya Nyu-Yorkda o‘g‘li Berron bilan yashashni ma’qul ko‘radi, bu vaqtda esa prezidentning qizini norasmiy birinchi ayol deb tan ola boshlashdi. U ko‘pincha rasmiy safarlarda otasiga hamroh bo‘ladi. O‘tgan yilning iyun oyida Gamburgdagi Katta yigirmatalik sammitining yopiq muzokaralarida Amerika yetakchisini o‘rnida ishtirok etdi. Ivankaning XXR raisi Si Szinpin va Britaniya Bosh vaziri Tereza Mey o‘rtasidagi stolda o‘tirgan fotosurati butun dunyoga tarqaldi. AQSh prezidenti buni izohlar ekan, “Merkel bu haqda bilgan va bunga qarshi emasdi”, deb tushuntirdi.
Ivankaning mashhurligi Amerika sarhadlaridan tashqariga ham chiqqan. Osiyo mamlakatlaridagi plastik jarrohlik klinikalariga “Ivankaga o‘xshash” chehra yaratishni so‘rab murojaat etuvchi mijozlar oqimi bilan duch keldi. Ivankaning besh yoshli qizi Arabella Si Szinpin va uning rafiqasi uchun Xitoyda mahalliy tilda qo‘shiq kuylagani aks etgan video esa xitoyliklar tomonidan mehr bilan qarshi olindi.
Uning akasi Erik o‘z intervyusida, 2017 yil aprel oyida Suriyaning Shayrat aerodromida raketa hujumiga o‘tishga buyruq berishga otasini aynan Ivanka ko‘ndirganini ta’kidlagan edi. Ivanka esa otasining qaroriga o‘zini aloqasi yo‘qligini qayd etgan.
Ivankaning turmush o‘rtog‘i Jared tashqi siyosatda qaynotasining alohida ishonchli vakili sanaladi, ayniqsa Yaqin sharq mamlakatlari yetakchilari bilan muzokaralarda u asosiy rolni o‘ynamoqda.
Ko‘pchilik AQSh elchixonasini Quddusga ko‘chirilishida aynan Ivanka va uning erini alohida xizmatlari bor deb hisoblashadi.
Tramp qizining siyosiy faol bo‘lishiga xayrixoh. U biroz avval Ivanka AQShning BMTdagi vakili vazifasiga juda munosib ekanligini aytgandi. Lekin uni nomzodini hali ko‘rsatganicha yo‘q. Ivankaning o‘zi otasi izidan boradimi yo‘qmi hozircha noma’lum. Biroq Tramp qizining juda jiddiy rejalari borligi shubhasiz.
Manba: uza. uz