Tramp o‘zining montaj qilingan videosi uchun BBC'dan besh milliard dollar tovon undirish bo‘yicha sudga da’vo arizasi berdi — Reuters.
AQSh prezidenti Donald Tramp BBC korporasiyasini tuhmat qilishda va savdo amaliyoti to‘g‘risidagi qonunni buzishda aybladi. Da’vo arizasi berilishidan avvalroq BBC huquqshunoslari e’tirozlarga batafsil javob yo‘llab, montajdan yomon maqsad ko‘zlanmaganini va dastur Trampga zarar yetkazmaganini bildirgan. Chunki Tramp ko‘rsatuv efirga chiqqanidan ko‘p o‘tmay qayta saylangan. Shuningdek, ular BBC'da dasturni AQSh hududida tarqatish huquqi bo‘lmaganini ham ta’kidlagan.
Tramp e’tiroz bildirgan Panorama dasturi 2024 yil oktyabr oyida BBC telekanalida efirga uzatilgan. Unda AQSh prezidentining 2021 yil 6 yanvarda, Kapitoliy shturmi kuni, aytgan nutqidan ikki parcha bir-biriga ulanib namoyish etilgan. Natijada Tramp yig‘ilganlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tartibsizlik va zo‘ravonlikka chorlayotgandek taassurot paydo bo‘lgan.
Mojaro 2025 yil noyabrida korporasiyaning ichki hujjati sizib chiqib ketgach avj oldi. Shundan so‘ng jamoatchilikda BBC"ga nisbatan jurnalistik betaraflik tamoyillarini buzganlik, jumladan Trampning nutqini montaj qilish borasida ayblovlar yangradi. 11 noyabr kuni BBC bosh direktori Tim Deyvi va yangiliklar bo‘limi rahbari Debora Terness iste’foga chiqdi. Oradan bir necha kun o‘tib, BBC dasturdagi montaj uchun rasman uzr so‘radi.