AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSh hududida bo‘lgan vaqtda hibsga olinmasligini ma’lum qildi.
Bu bayonot Nyu-York shahrining saylangan meri Zohron Mamdanining Netanyaxu sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasida ishtirok etish uchun kelsa, uni Xalqaro jinoyat sudi orderiga asosan hibsga olishga intilishini bildirganidan so‘ng yangradi.
Shu bilan birga, Mamdani yaqinda shahar hokimiyatida bunday vakolat bor-yo‘qligiga ishonchi komil emasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu masala yuzasidan maslahatchilari bilan maslahatlashmoqda va faqat qonun doirasida harakat qiladi.
Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida «Netanyaxu Amerika Qo‘shma Shtatlari hududida ekan, hech qanday holatda hibsga olinmaydi», deb yozdi.
AQSh prezidenti, shuningdek, Netanyaxu Eronga qarshi kurashayotganini ta’kidladi. Trampning iddaosicha, Eron «52 ming nafar begunoh namoyishchini o‘ldirgan» hamda so‘nggi 47 yil davomida amerikalik harbiylar va boshqa odamlarning halok bo‘lishiga aloqador bo‘lgan.
Tramp so‘zi yakunida hibsga olinishi kerak bo‘lgan shaxs Netanyaxu emas, balki uning ta’kidlashicha, Eronni «misli ko‘rilmagan o‘lim va vayronagarchilik girdobiga» olib kelganlar ekanini bildirdi.