AQSh prezidenti har ikki mamlakat "kelishuv tuzishi" va "harbiy harakatlarni to‘xtatishi" kerakligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda bu masala bo‘yicha "ko‘plab qo‘ng‘iroqlar va uchrashuvlar o‘tkazilmoqda".
“Men Hindiston va Pokistonni kelishuvga erishishga majbur qilganman. Bu holatda AQSh bilan savdoni vosita sifatida qo‘llab, muzokaralar jarayoniga sog‘lom fikr olib kirgandik. Ikki buyuk yetakchi tezda qaror qabul qildi va qurolli harakatlarni to‘xtatdi", — deya esladi AQSh prezidenti.
Shuningdek, Tramp o‘zining birinchi prezidentlik muddati davrida Serbiya va Kosovo o‘rtasidagi keskinlikni ham to‘xtatganini misol qilib keltirdi. Bundan tashqari, u Nil daryosi suvidan foydalanish bo‘yicha to‘qnashuvga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan Misr va Efiopiya o‘rtasidagi urushning boshlanishiga yo‘l qo‘ymaganini ham aytdi.
"Yuqoridagilar kabi, tez orada Isroil va Eron o‘rtasida ham tinchlikka erishiladi! Hozirda ko‘plab qo‘ng‘iroqlar va uchrashuvlar o‘tkazilyapti. Men ko‘p ish qilayapman, lekin hech qachon hech qanday maqtov olmayman — bu normal holat, odamlar baribir hammasini yaxshi tushunadi. Yaqin Sharqni yana buyuk qilamiz!", — deb yozdi Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.