AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp Rossiya bosqiniga qarshi kurashda Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish mas’uliyatini Yevropa Ittifoqi davlatlariga o‘tkazishga harakat qilmoqda. Shuning uchun u Vashingtonning Ukrainaga harbiy yordam uchun sarflagan xarajatlarini kamaytirmoqchi. Bu haqda The Washington Post yozmoqda.
“Tramp hozirdanoq Yevropa davlatlariga Ukrainaga yordamni oshirish uchun bosim o‘tkazmoqda va bu Ukrainaning eng yirik donori bo‘lmish AQShning yordami kamayishiga ishora qilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Nashrning yozishicha, Tramp hali ham o‘z rejasi tafsilotlarini oshkor qilmagan, chunki u Rossiya prezidenti Vladimir Putinni muzokaralar stoli ortida urushni tugatishga majburlamoqchi.