Donald Tramp Oq uyga qaytganidan so‘ng AQShning dunyodagi obro‘si sezilarli darajada pasaydi. Bu 2025-yilgi "Demokratiyani idrok etish indeksi" (Democracy Perception Index, DPI) tadqiqotida o‘z tasdig‘ini topdi. Tadqiqot natijalari "Demokratiyalar alyansi" jamg‘armasi tomonidan 12 may kuni e’lon qilindi.
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab AQShga bo‘lgan munosabat ko‘rsatkichi 2024 yildagi +22 foizdan 2025 yilda -5 foizga tushdi. Bu Xitoy ko‘rsatkichidan (+14 foiz) past va Rossiya ko‘rsatkichiga (-9 foiz) yaqin natija. AQSh ijobiy qabul qilinadigan mamlakatlar ulushi shu davrda 76 foizdan 45 foizgacha qisqardi.
NATOning sobiq bosh kotibi va "Demokratiyalar alyansi" jamg‘armasi asoschisi Anders Fog Rasmussen AQSh obro‘sining keskin tushib ketganidan ajablanmaganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, "Prezident Tramp savdo urushini boshlab yubordi, Oval kabinetda Ukraina prezidentini haqorat qildi, ittifoqchilarni o‘zlarini zaif his qilishga, dushmanlarni esa dadil bo‘lishga majbur qildi," - deya uning so‘zlarini Reuters keltiradi.
Shu bilan birga, Xitoy o‘zining global mavqeini yaxshilab, birinchi marta AQShni ortda qoldirdi va Yevropadan tashqari aksariyat mintaqalarda asosan ijobiy munosabatni qayd etdi. 2022 yilda Ukrainaga keng ko‘lamli bosqindan keyin yomonlashgan Rossiyaning obro‘si ham biroz yaxshilandi, garchi mamlakat hali ham AQShdan kamroq ijobiy qabul qilinayotgan bo‘lsa-da.
Isroil, Janubiy Koreya, Yaponiya, Polsha va Ukraina kabi AQSh bilan ittifoqdosh mamlakatlarda Vashington baribir Pekindan ustun qo‘yilmoqda. Biroq, bir qator Yevropa mamlakatlarida Xitoyni idrok etish AQShga qaraganda ijobiyroq bo‘lib chiqdi, bu Osiyo va Lotin Amerikasining aksariyat mamlakatlariga ham tegishli.
So‘rov shuni ko‘rsatdiki, Donald Tramp rossiyalik va xitoylik hamkasblari Vladimir Putin va Si Szinpinga qaraganda dunyoda kamroq mashhurlikka ega. Dunyoning 82 foiz mamlakatida Trampga munosabat salbiy, bu Putin (61 foiz) va Si (44 foiz) ko‘rsatkichlaridan ancha yomon.
"Demokratiyani idrok etish indeksi" tadqiqoti "Nira Data" tadqiqot kompaniyasi tomonidan 2025 yil 9 apreldan 23 aprelgacha o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov natijalariga asoslangan. So‘rovnomada dunyoning 100 mamlakatidan 111 mingdan ortiq respondent ishtirok etdi. Tadqiqot natijalari 13-14 may kunlari bo‘lib o‘tadigan Kopengagen demokratiya sammiti oldidan e’lon qilindi.