Toshkent shahrining ayrim hududlarida 17 mart kuni tabiiy gaz ta’minotida vaqtinchalik uzilishlar kuzatiladi. Bu haqda «Hududgaz Poytaxt» gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, rejalashtirilgan ta’mirlash ishlarini amalga oshirish maqsadida Mirzo Ulug‘bek, Olmazor, Uchtepa va Yangihayot tumanlarining ayrim mahalla va ko‘chalarida gaz ta’minoti ma’lum vaqt oralig‘ida to‘xtatiladi. Xususan, Mirzo Ulug‘bek tumanida soat 10:00 dan 12:00 gacha «Yalang‘och» mahalla fuqarolar yig‘inining Sho‘rtepa 2-tor ko‘chasida, soat 11:00 dan 13:00 gacha esa Mevazor mahallasidagi Quva ko‘chasida tabiiy gaz yetkazib berish vaqtincha cheklanadi.
Shuningdek, Olmazor tumanida Chustiy mahallasida, Uchtepa tumanida O‘rikzor THAY ko‘chasida hamda Yangihayot tumanida Ho‘ja Uchqun ko‘chasida ham soat 11:00 dan 13:00 gacha gaz ta’minoti vaqtincha o‘chiriladi.
Ushbu ishlar gaz tarmoqlarini texnik jihatdan soz holatda saqlash, ehtimoliy nosozliklarning oldini olish va iste’molchilarga xavfsiz hamda barqaror gaz ta’minotini ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda. Ta’mirlash ishlari yakunlanishi bilan barcha hududlarda tabiiy gaz ta’minoti bosqichma-bosqich qayta tiklanadi.
«Hududgaz Poytaxt» gaz ta’minoti filiali yuzaga kelayotgan vaqtinchalik noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘rab, aholidan ko‘rsatilgan vaqt oralig‘ida ehtiyotkor bo‘lishni so‘radi.