Bugun 25 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

Toshkentdagi maynavozchilik: kulasizmi, kuyasizmi?

Toshkentdagi maynavozchilik: kulasizmi, kuyasizmi?

Ertalab ezgu niyatlar bilan ko‘chaga chiqarkansiz, turfa odamlarni uchratasiz, yo‘llarni to‘ldirib o‘tayotgan transport vositalariga ko‘zingiz tushadi. Odamlarning samimiy va xushmuomalaligini ko‘rib quvonsangiz, ayrim haydovchilarning avtomashinalariga yopishtirib olgan milliy madaniyatimizga xos bo‘lmagan yozuv va belgilarni ko‘rib ta’bingiz xira tortadi. Hatto yo‘l harakati qoidalarining tegishli bandiga binoan, bunday xatti-harakatni sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlik belgilanganiga qaramasdan, ayrim fuqarolarimiz tomonidan hamon qoidabuzarlik sodir etilmoqda.

Yaqinda ana shunday holatlarning bir nechtasiga guvoh bo‘lib, quyida ularning tafsiloti bilan tanishtirishni joiz deb topdik. Zora, bu sa’y-harakatlarimiz o‘zining ijobiy samarasini berib, boshqa haydovchilar to‘g‘ri xulosa chiqarsa.

Poytaxtimizning Yakkasaroy tumanida harakatlanib kelayotgan «Neksiya» rusumli avtomashinaning orqa tomonidagi «Ya xuligan» degan yozuvni ko‘rib, kulishni ham, kuyishni ham bilmay qoldik. Chunki bu jumla o‘zbekchada «Men bezoriman» degan ma’noni bildiradi. Nahotki, avtomashina egasi o‘zining mana shunday «iste’dod» sohibi ekanligini barchaga namoyon etishni xohlayotgan bo‘lsa... Uning nima maqsadda bunday qilgani bizga qorong‘i. Lekin mazkur jarayonga guvoh bo‘lgan har qanday kishi ushbu mashina egasining ma’naviy qiyofasi qay darajada ekanligini anglab yetishi qiyin emas.

Poytaxtimizning Bektemir tumanidagi markaziy ko‘chalarning birida harakatlanayotgan «Neksiya»ning orqa tomoniga bitilgan «Kak xochu, tak yedu», ya’ni «Qanday xohlasam, shunday yuraman» degan iddaoni ko‘rgan kishining bir nima deyishi mushkul. Fahmimizcha, mazkur avtomashina egasi uchun haydovchilar amal qilishi kerak bo‘lgan yo‘l qoidalarining mutlaqo ahamiyati bo‘lmasa kerak...

Bundan ham achinarlisi, Sirg‘ali tumani hududidagi katta ko‘chada harakatlanib ketayotgan «Matiz» rusumli avtoulovni ko‘rib chuqur o‘yga toldik. Sababi mazkur mashinaning orqa eshigi yoniga narkotik modda hisoblangan «nasha» o‘simligi yaprog‘ining surati yopishtirilgan edi. Bu holatni qanday izohlash mumkin? Avtomobil egasi odamlarni giyohvandlikka chorlayaptimi? Yoki boshqa maqsadi bormikan? Qanday tushunishni ham bilmaysan, kishi... Nima bo‘lganda ham, sog‘lom fikrli inson hech qachon bu kabi ma’naviyatimizga mutlaqo zid xatti-harakatni sodir etishni o‘ziga ep ko‘rmaydi. Axir, biz dunyo tamaddunining tamal toshini qo‘ygan buyuk ajdodlarning avlodlarimiz. Boshqa xalqlar havas bilan qaraydigan yurtning farzandlariga bu kabi nomaqbul ishlarni qilish yarasharmikan?! Agar vatandoshlarimiz bunday madaniyatsizlikka qo‘l ursa, boshqalardan nimani kutish mumkin. Undan ko‘ra, ana shu insonlar yoshlarning qiziqishi yanada ortishiga xizmat qiladigan kitoblarni targ‘ib qilib, ularning barkamol avlod bo‘lib yetishiga o‘z hissasini qo‘shgani maqbul emasmi?!

Nafsilamrini aytganda, bizning sa’y-harakatlarimizga qarab, o‘z kelajagini qurayotgan yoshlarimizga munosib namuna bo‘laylik! Ular bizdan-da kuchli, bilimli, aqlli va, albatta, baxtli bo‘lishiga xizmat qilaylik.

Mixli SAFAROV,

«Postda» muxbiri.

Kiritildi: 14:47 16.01.2020. O'qildi: 8183 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!