Bugun 27 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Toshkentdagi masjid imomi sheriklari bilan birga ehson pullarini "ko‘kka sovurdi"

Toshkentdagi masjid imomi sheriklari bilan birga ehson pullarini "ko‘kka sovurdi"

Mo‘min-musulmonlar uchun imom-xatibning har bir so‘zi va ishi ibratdir. Shuning uchun imomlar jamoat joylarida, xalq orasida namuna bo‘lishlari lozim. Hayot shunday, oddiy odamda qancha kamchilik bo‘lsa ham unga unchalik e’tibor berilmaydi. Ammo elga pandu nasihat qiladigan imomda ozgina nuqson sezilsa, xalq ko‘nglida darrov «Bu imom xalqni bir ishga da’vat qilar ekanu, o‘zi boshqa ishni qilarkan» degan shubha paydo bo‘ladi.

Bugungi kun imom-xatiblari zimmasidagi yuksak mas’uliyatni his qilayaptimi? Afsuski, onda-sonda bo‘lsa ham ba’zilarining qing‘ir ishlari haqidagi xabarlarni eshitayapmiz. Xususan, poytaxtimizdagi “Bo‘rijar” jome’ masjidining imom-xatibi o‘z mutavallisi hamda bog‘boni bilan qilgan ishlar odamlarni ranjitishi tayin.

X.A. (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) O‘zbekis­ton musulmonlar idorasi raisining buyrug‘i bilan 2014 yilda Chilonzor tumanidagi “Bo‘rijar” jome’ masjidining imom-xatibi vazifasiga tayinlanadi. Oradan ikki yil o‘tar-o‘tmas X.A. masjid mutavallisi vazifasiga A.V.ni tayinlagan bo‘lsa, A.A.ni bog‘bon qilib ishga oladi.

X.A. o‘ziga yaqin insonlarni yoniga olgach mansabini suiiste’mol qila boshlaydi. U A.V. va A.A. bilan til biriktirgan holda masjidning ehson qutilariga tushgan pulni qayd etish dalolatnomasida to‘liq ko‘rsatmasdan, unga sox­ta ma’lumot kiritadi. Dalolatnomalarda faqat bankka topshirilgan pullarni ko‘rsatib, qolgan pullar masjidning turli ehtiyojlari uchun ishlatish vaji bilan olib qolinaveradi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2016-2017 yillar va 2018 yilning fevral-iyun oylarida masjidning ehson qutilariga jami 912 million 559 ming so‘m, 1605 AQSh dollari, 110 Rossiya rubli va 200 qozoq tengesi tushadi. Uchovlon shu pullardan masjidning hisob raqamiga 361 million 756 ming so‘mini topshirishgan ekan xolos. Qolgan 550 million 803 ming so‘m va xorijiy valyutalarni bankka kirim qilishmaydi. Ya’ni 550 million 803 ming so‘mdan 197 million 196 ming so‘mini masjidning rasmiy va norasmiy xodimlariga oylik ish haqi qilib berishadi. Qolgan 217 million 813 ming so‘m va xorijiy valyutani talon-toroj qilishadi. Bundan tashqari, X.A. masjid to‘lashi kerak bo‘lgan 83 million 502 ming so‘m soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlagan.

X.A., A.V. va A.A.ning qilmish­lari jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqildi va ularga qonuniy jazo tayinlandi.

Dilshod TOSHTEMIROV,

departamentning Chilonzor tumani bo‘limi boshlig‘i

Kiritildi: 14:52 22.11.2019. O'qildi: 4955 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!