Bugun 29 aprel, 2024 yil, dushanba

КИР

Toshkentdagi dorixonada yuz bergan jinoyat fosh bo‘ldi

Toshkentdagi dorixonada yuz bergan jinoyat fosh bo‘ldi

Mamlakatimizda dori vositalarining noqonuniy aylanishi va ularning suiiste’mol qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik alohida nazoratda bo‘lib, tegishli huquqiy asoslar bilan tartibga solingan.  

Xususan, Prezidentimizning  2019 yil 6 sentyabrdagi “Dori vositalari noqonuniy aylanishining oldini olish choralarini kuchaytirish to‘g‘risida”gi qarori kuchli ta’sir qiluvchi moddalar aylanishini tartibga solishni takomillashtirish, shuningdek, aholi salomatligini muhofaza qilish, har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar va shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi. 

Farmonga asosan, 2019 yil 1 dekabrdan boshlab Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan alohida dori vositalari buyum-miqdor jihatdan hisobga olinishi lozim va ularning chakana realizasiyasi (berilishi) faqat ijtimoiy dorixonalar, shuningdek, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni saqlash va realizasiya qilish (berish) faoliyatiga lisenziyasi mavjud bo‘lgan dorixonalar tomonidan amalga oshirilishi qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Lekin oramizda shunday kimsalar ham borki, davlatimiz tomonidan har qanday boylikdan-da azizroq va qimmatbaho hisoblangan sog‘ligimizni himoya qilish maqsadida yaratib berilayotgan imkoniyat va imtiyozlarni o‘z nafsini o‘ylab ko‘r-ko‘rona suiiste’mol qilishdan qaytmaydi. Sherzod Nuraliyev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) 2019 yilning 6 dekabr kuni o‘zi sotuvchi bo‘lib ishlab kelayotgan Yakkasaroy tumanida joylashgan “Guli Kand Plus” MCHJning dorixonasida xaridorga 25 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi (nomini keltirishni lozim topmadik - tahririyat)ni qonunga xilof ravishda sotgan.

Sudlanuvchi sudda aybiga qisman iqrorligini bildirib, o‘sha kuni notanish erkak kishi dorixonaga kirib, tegishli dori vositasini so‘raganini, u mijozga bu turdagi dori vositasi maxsus resept bilan sotilishini aytib, resept bor-yo‘qligini so‘raganini aytdi. Bunga javoban mijoz bir-ikki kun oldin ham resept asosida dorixonadan mazkur dorini olib ketganini, resept qog‘ozining yarmi dorixonada qolib ketgani, hozir yonida yo‘qligini ma’lum qilgan. U mijozning gaplariga ishonib, dori vositasini ­500 000 so‘mga sotganiga iqror bo‘ldi...

Boshqa guvohlar, shuning­dek, mazkur MCHJ rahbari ham dorixona sotuvchilariga 1 dekabrdan boshlab kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini sotmaslikni og‘zaki aytgani, keyin qoldiqda bo‘lgan kuchli ta’sir qiluvchi dori  vositalarini qaytarish harakatida yurgani, bu haqda dori vositalari tarqatuvchi firmaga rasmiy xat bilan murojaat qilgani, qaror kuchga kirganidan so‘ng dori vositalari sotuvdan chiqarilib, tarqatuvchi firmaga qaytarilgunga qadar omborxonada saqlanini ma’lum qildi. Uning fikrini “Guli-Kand-Plus” MCHJ va “Jasmina Shifo Nur” MCHJlar o‘rtasidagi kuchli ruhiy ta’sir qiluvchi dori vositalarini qaytarish masalasiga doir yozishmalar ham tasdiqladi.

Sud sudlanuvchiga nisbatan jazo turi va miqdorini tayinlashda sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi va xususiyatini, uning shaxsini e’tiborga oldi. U jinoyatni past va g‘araz niyatlarda sodir etgani jazoni og‘irlashtiruvchi, aybiga to‘liq iqrorligi va qilmishidan pushaymonligi, yashash joyi­dan ijobiy tavsiflanishi, bir nafar voyaga yetmagan farzandining yagona boquvchisi ekani, muqaddam sudlanmagani esa jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb e’tirof etildi. Ana shulardan kelib chiqib,  sudlanuvchi SH. Nuraliyevga ozodlikni cheklash jazosini tayinlashni maqsadga muvofiq deb hisobladi. Shuningdek 1 yil muddatga farmasevtika sohasida ishlash huquqidan mahrum qilindi...  

U endi ozodlikni cheklash jazosini o‘z xonadonida soat 22:00 dan 06:00 ga qadar o‘taydi. Yashash joyini nazorat qiluvchi organning ruxsatisiz o‘zgartirmaydi, muayyan joylar - kafe, bar, spirtli ichimliklar sotish joylarida bo‘lmaydi, O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqmaydi!

Ushbu  jazoni o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlasa va sud zimmasiga yuklagan majburiyatlarni bajarmasa, Jinoyat kodeksining tegishli moddasida ko‘rsatib o‘tilgan huquqiy oqibatlar kelib chiqishi haqida ogohlantirildi.
Bular qonunbuzarga tayin­langan jazo. Eng muhimi esa fuqarolarimizning salomatligini asrash, ularni turli ko‘ngilsiz holatlarga tushib qolishdan himoyalashdir.

Manba: 21asr.uz

Kiritildi: 15:31 04.06.2020. O'qildi: 2223 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!