6 sentyabr kuni Toshkentda CCA Tashkent — Zamonaviy san’at markazi o‘z faoliyatini boshlaydi.
Markaz 1912 yilda qurilgan sobiq dizel elektr stansiyasi binosida joylashgan. Fransiyaning Studio KO arxitektura byurosi tomonidan ishlab chiqilgan loyihada binoning tarixiy industrial qiyofasi saqlab qolingan.
CCA Tashkent — O‘zbekistondagi birinchi davlat zamonaviy san’at markazi, shuningdek, Markaziy Osiyodagi shu yo‘nalishdagi birinchi doimiy muassasa.
Markazda ko‘rgazma zallari bilan bir qatorda kutubxona, ta’lim va tadqiqot maydonlari, konsept-stor hamda restoran bo‘ladi. Bu yerda ko‘rgazmalar, ma’ruzalar, muhokamalar, konsertlar, performanslar va ta’limiy dasturlar o‘tkaziladi.
Markaz mahalliy rassomlar va yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun xalqaro hamkorlik va yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
CCA Tashkent’ning ilk xalqaro ko‘rgazmasi — “Hikmah”. Ko‘rgazmada 11 nafar rassomning asarlari namoyish etilib, bilim, xotira, madaniy meros va zamonaviy san’at o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida so‘z yuritiladi.