Ba’zan jinoyat sodir etilishiga loqaydlik, nazoratsizlik, beparvolik sabab bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, bunday holatga uy ta’mirlash ko‘proq duch kelinadi. Ta’mirlash paytida vujudga keladigan tartibsizlik, uy va qurilish jihozlarining hovliga olib chiqib qo‘yilishi, asboblarning ishlatilgan joyida qoldirib ketilishi kabilar shular jumlasidandir. Joriy yilning 6 may kuni poytaxtimizning Yashnobod tumanida istiqomat qiluvchi 1992 yilda tug‘ilgan X.Abdurashid tomonidan tuman IIO FMB Navbatchilik qismiga murojaat kelib tushdi. Unda fuqaro uy ta’miri bilan shug‘ullanayotgan ishchilar tomonidan qoldirilgan qurilish asbob-anjomlari: drel, perforator, bolgarka, qaychi, mix sug‘urish omburi, bolg‘a, 20 metr kabel mahsulotlarining o‘g‘irlanganligini ma’lum qilgan. Jinoyatchini aniqlash bo‘yicha amalga oshirilgan tezkor tadbirlar natijasida gumonlanuvchi 1977 yilda tug‘ilgan YU.Xayrulla ushlandi. Unga nisbatan Yashnobod tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “g” bandi (“O‘g‘irlik”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda.
Hurmatli fuqarolar, qurilish va ta’mirlash ishlarini olib borayotganda buyumlaringiz xavfsiz holatda saqlanayotganligiga e’tiborli bo‘ling. Mahallangizda shubhali shaxslar biror buyumlarni olib ketayotganligini ko‘rsangiz, darhol yaqin oradagi IIB ga yoki hududiy profilaktika inspektoriga xabar berishingizni so‘raymiz.