Majburiy ijro byurosining Shayxontohur tuman bo‘limi davlat ijrochisi pora olayotganda qo‘lga tushgan.
Shayxontohur tumani, A.Qodiriy ko‘chasida joylashgan «N» kafesi oldida MIB xodimi ish yurituvidagi fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining javobgar va da’vogar foydasiga ulushni pul miqdorida ajratish va javobgarlarga tegishli avtomashinani boshqaning nomiga rasmiylashtirib, ijro ishini tugatish uchun tamagirlik qilgan. MIBchi undan 750.000 so‘m miqdoridagi pullarni pora tariqasida olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Aniqlanishicha, xodim muqaddam ham fuqarodan yuqorida qayd etilgan fuqarolik ishi yuzasidan yuritilgan ijro ishini tugatish to‘g‘risidagi qarorni chiqarib, natijada «Mersedec-Benz 320E» rusumli mashinani uning nomiga rasmiylashtirib berish uchun 2.400 AQSh dollari va 300.000 so‘m miqdoridagi pullarni pora tariqasida olgan.
Mazkur holat yuzasidan Shayxontohur tuman prokuraturasi tomonidan xodimga nisbatan JKning 210-moddasi 2-qismi «a, v» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.