Toshkent tinch, poytaxtda "komendant soati" o‘rnatilmaydi, deya internetda tarqalib ketgan mish-mishlarga izoh berdi juma kuni Toshkent shahar IIBB rahbari o‘rinbosari, polkovnik Azizxon Umarxonov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 iyun kuni yangi qarorni imzolagan edi.
Hujjatda Toshkent shahrida jamoat tartibini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan.
Xususan, Toshkent shahrida endilikda tunu-kun uch smenali patrul xizmati yo‘lga qo‘yilishi haqida ham aytib o‘tilgan. Ushbu xabarlardan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda "komendant soati o‘rnatilarmish" degan gap-so‘zlar tarqalib ketdi.
IIBB rahbari o‘rinbosari bu mish-mishlarni qat’iy inkor etdi.
"Hech qanaqa "komendant soati" o‘rnatilmaydi. Xudoga shukr, bizda tinchlik hukm surmoqda. Poytaxt ichki ishlar bosh boshqarmasi quroldan uzoqlashmoqda. Endilikda xodimlarimizga jangovar qurol (to‘pponchalar) o‘rniga elektroshokerlar beriladi", — deya aniqlik kiritdi polkovnik va bo‘layotgan o‘zgarishlarning barchasi Toshkent aholisi hamda mehmonlarga qulaylik yaratish uchun amalga oshirilayotganini qo‘shimcha qildi.
Komendant soati — sutkaning ma’lum bir belgilangan vaqtida jamoatchilik joylarida qo‘yiladigan taqiqdir. Mirziyoyev tomonidan imzolangan yangi qarorda poytaxtda kechki va tungi vaqtdi jamoat tartibini saqlash tadbirlariga jiddiy e’tibor qaratilishining sabablari bor.
Yaqin-yaqingacha poytaxt ma’muriyati kechki soat 22.00 dan so‘ng fuqarolarni uydan chiqmaslikka, ya’ni uxlashga majburlardi — dam olish, ko‘ngilochar, ovqatlanish maskanlari yopilardi.
Mamlakatga sayyoh va turistlarni kengroq jalb etish siyosatining bir qismi sifatida ushbu taqiqlar olib tashlandi. Huquq-tartibot organlari o‘zlariga xos bosiqlik bilan mazkur jarayonga tezlik bilan moslashmagan ko‘rinadi. Qarorda ularning yangi yashash tarziga moslashtirish belgilangan.