Hammasi Sevaraga (ism-shariflar o‘zgartirildi) ovsini qo‘ng‘iroq qilishidan boshlandi. Ikkisi ancha payt hol-ahvol so‘rishishgach, ovsini o‘g‘li 9-sinfni bitirayotganini aytib qoldi.
– Bilimi o‘rtacha, lekin tarjimonlikka qiziqadi. Siz Toshkentday shahri azimda yashaysiz. Shu jiyaningizni o‘sha yoqdagi chet tillarga ixtisoslashgan biror liseyga joylashtirsangiz. Bir surishtirib ko‘ring, – deb iltimos qildi.
Sevara erining hurmati uchun rozi bo‘ldi. O‘ylab ko‘rsa, o‘zining tanishlaridan birontasi ham xorijiy tillarga ixtisoslashgan liseyda ishlamaskan. Shundan so‘ng amakisining qizi Nodiradan tanish topishni iltimos qildi. Nodira so‘rab-surishtirib boshqa yo‘nalishdagi akademik liseylardan birida qashqadaryolik yigit bosh hisobchi bo‘lib ishlashini aniqladi.
O‘tgan yili yozning boshlari edi. Asliddin endi ishxonadan chiqqanida, oldiga bir xushro‘ygina juvon kelib, salom berib:
– Siz qashqadaryolik Asliddin akamisiz? – deb so‘radi.
– Ha, o‘sha odamman. Keling, singlim, xizmat?
– Asliddin aka, bir viloyatdan ekanmiz. O‘g‘lim liseyga kirmoqchi edi. Shunga telefon raqamingizni bersangiz, qabul qachon boshlanishini, qanaqa hujjatlar kerakligini so‘rab turardim, – dedi.
Bu ayol faqat shuning uchun telefon raqamini so‘ramayotganini Asliddinning ko‘ngli sezdi. Lekin o‘zini sezmaganga olib, uyali telefon raqamini berdi.
Oradan o‘n kunlar o‘tib, Nodira unga qo‘ng‘iroq qildi. O‘zini tanishtirgach: «Bir ko‘rishib, haligi masalada gaplashib olsak», – dedi. Ular Talabalar shaharchasidan o‘tgan yo‘l yoqasidagi oziq-ovqat do‘konlari yaqinida uchrashishdi. Bu safar Nodira o‘zi bilan Sevarani ham boshlab kelgan edi. Uni o‘zining jiyani deb tanishtirdi. So‘ng yana o‘g‘lining o‘qishidan gap ochdi.
– Bilimi kuchli bo‘lsa, kirib ketadi. O‘g‘lingiz o‘z bilimi bilan kirsa yaxshi bo‘lardi, – dedi Asliddin.
– Kirolmasa-chi? Yordam berib bo‘lmaydimi? Xizmat haqi qanchaga aylanadi? – deya maqsadga o‘tdi Nodira.
– Xohlasangiz, o‘zim ishlaydigan liseyga 500 dollarga kiritib qo‘yishim mumkin, – Asliddin ham endi ochiqchasiga gapirdi.
– O‘g‘lim chet tillarga qiziqadi-da, – deya ko‘nmadi Nodira.
– Unda O‘zbekiston Davlat jahon tillari universitetining 2-sonli akademik liseyiga 1500 dollarga gaplashib berishim mumkin.
Nodira bilan Sevara bu taklifni o‘ylab ko‘rishlarini aytib, xayrlashishdi. Sevara Asliddinning xatti-harakati noqonuniy ekanini tushunib, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Yashnobod tumani bo‘limiga murojaat etdi...
Ertasi kuni Nodira Asliddinga qo‘ng‘iroq qilib, uning taklifiga rozi ekanligini, ataganini berib qo‘ymoqchiligini aytdi. Kelishuvga ko‘ra Asliddinning ishxonasi yaqinida uchrashishdi. Asliddinning mashinasiga o‘tirib, oldi-berdi qilishdi. Sevara qora sellofan paketga joylangan pulni uzatishdan oldin so‘radi:
– Jiyanimning o‘qishga kirishiga necha foiz kafolat berasiz?
– Yuz foiz! – dedi Asliddin shosha-pisha. – Yuz foiz ishonavering! Bu pullarni jiyaningizni o‘qishga kiritadigan tegishli odamlarga berib qo‘yaman. Hujjatlarini ertadan topshiraversin.
So‘ng pul solingan paketni mashinaning g‘aladoniga solib qo‘ydi. Keyin nima bo‘lganini sezib turgandirsiz? Ha, departament xodimlari avtomashina oldiga kelib, bo‘lib o‘tgan ish tafsilotlari haqida surishtirishdi. Asliddin Sevaradan jiyanini akademik liseyga o‘qishga kiritishni va’da berib, 1500 AQSh dollari olganiga iqror bo‘ldi.
Sud Asliddinga jazo turi va miqdorini tayinlashda uning aybiga iqrorligini, pushaymonligini, muqaddam sudlanmaganini, zarar mavjud emasligini, qaramog‘ida turmush o‘rtog‘i va ikki nafar farzandi borligini, yashash va ish joyidan ijobiy tavsiflanishini jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb topdi. Shuningdek, jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar yo‘q deb hisobladi. Yana bir qancha omillar nazarda tutilib, sudlanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25-moddasi (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish), 168-moddasining (Firibgarlik) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Albatta, ushbu jinoyat yuz bermasligi ham mumkin edi. Uning sodir etilishida Nodira bilan Sevaraning ham «ulushi» bor, nazarimizda. Chunki Asliddinning nafsini qitiqlagan aslida ikkalasi-ku. Agar Sevara o‘z vaqtida bu haqda o‘ylab ko‘rganida, Nodira bilan birga «atagani»ni berish uchun bormaganida, jinoyatning oldi olingan bo‘lardi, bir inson sha’niga «sudlangan» degan tamg‘a bosilmasdi. Mayli, bu yog‘i ularning vijdoniga havola. Bu bilan Asliddinni oqlash fikridan yiroqmiz. Boisi, har qanday vaziyatda ham inson qonunga muvofiq ish tutishi, insof-diyonatini unutmasligi lozim.
Qahramon MIRSAFAYEV,
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Yashnobod tuman sudi sudyasi.
Bobomurod TOSHEV,
«Postda» muxbiri.