23 sentyabr soat 22:00 dan 24 sentyabr tongga qadar yer yuzasidagi havo sovib, yuqoriroq qatlamdagi havo iliqroq qolishi natijasida harorat inversiyasi hosil bo‘lishi kutilmoqda.
Meteorologik prognozga ko‘ra, shamol tezligi Toshkent shahrida ayrim soatlarda 1–2 m/s gacha pasayadi, havoning vertikal aralashuvi esa sekinlashadi. Yog‘ingarchilik va shamol kutilmayotganligi sababli zarrachalarning uzoqroq muddat havoda qolib ketishi ehtimoli mavjud. Bu omillar PM2.5 va PM10 zarrachalarining yerga yaqin qatlamda to‘planishiga olib keladi.
Prognozlar Toshkent shahrida bugun 22:00 dan tonggi vaqtlarga qadar havo sifati «sezgir guruhlar uchun nosog‘lom», ayrim nuqtalarda vaqtinchalik «nosog‘lom» darajagacha yomonlashishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Ertalab yer yuzasi isib, inversiya zaiflashishi va vertikal aralashuv kuchayishi bilan havo sifati asta-sekin yaxshilanishi kutilmoqda. Shu sababli kechki vaqtlarda ochiq havoda uzoq vaqt bo‘lmaslik tavsiya qilinadi.
Hozirda atmosfera havosi sifati Maxsus komissiya tomonidan doimiy monitoring qilinmoqda.