Bugun 27 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Toshkentda go‘sht narxi arzonlashtirildi, ammo...

Toshkentda go‘sht narxi arzonlashtirildi, ammo...

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 oktyabr kuni oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazgan edi. Unda go‘sht, tuxum, o‘simlik yog‘i va shakar narxining keskin o‘sishi aholining noroziligiga sabab bo‘layotgani ta’kidlangan edi.

Viloyat, tuman, shahar hokimlari va sektor rahbarlariga o‘z hududida yaratilgan oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha tizim, bozordagi shart-sharoitlar va narx-navo bo‘yicha xalqqa hisobot berish bo‘yicha vazifa yuklatilgan edi.

«Gazeta.uz»ning yozishicha, 18 oktyabr kuni yirik supermarket tarmoqlari, do‘konlar va ayrim bozorlarda yuqori narx tasnifiga kiruvchi go‘sht yo‘qolib qolgani, mavjud go‘sht mahsulotlarining narxi esa 60 ming so‘mdan oshmayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda mushtariylar ham ma’lum qilgan, ijtimoiy tarmoqlarda ham xabarlar qoldirilgan.

«Prezident hokimlarga mahsulotlar narxi oshishiga qarshi kurashishni buyurdi. Hokimlar bu muammoni qanday hal qildi? Soliq xizmatlariga ‘Korzinka.uz’ va ‘Makro do‘konlarida aylanib, 1 kilosi 50 ming so‘mdan qimmat bo‘lgan go‘shtlarni rastalardan olib tashlashni buyurdi... Biz, iste’molchilar, endi tanlov huquqidan mahrummiz», — deb yozgan "Facebook"dagi 255 mingdan ortiq foydalanuvchini birlashtirgan «Potrebitel.uz» guruhi a’zolaridan biri.

«Ekobozorga kiraverishda 60 ming so‘mdan go‘sht sotilayotgan edi, olmoqchi edik, sotuvchi suyak qo‘shib bera boshladi. ‘Bizga alohida suyaklar kerakmas, olayotgan go‘shtimizdagi suyaklar yetadi’, degan gapimizga sotuvchi ‘unda sotmayman’, deb javob berdi. Rasmiy menejer Karimov B.ga murojaat qilsak, u ham sotuvchining gaplarini tasdiqladi», — deb yozgan boshqa bir foydalanuvchi hamda xabariga surat va videoyozuvlarni ilova qilgan.

«Bugun Yunusobod-14, Ahmad Donishdagi do‘konga kirdim. Rastada do‘kon kam edi. 60 ming so‘mdan faqat yog‘ va suyaklar bor edi. Sotuvchi: ‘Prezident farmoni — qimmat go‘sht sotilmaydi. Narxlar pasaymagunicha, bu farmongacha sotilgan yaxshi go‘sht bo‘lmaydi’, dedi», — deb yozgan yana bir internet-foydalanuvchisi kommentlarda.

Toshkentdagi Parkent bozorida go‘sht 60 ming so‘mdan sotilmoqda, biroq juda ko‘p suyak va yog‘ qo‘shib berilyapti. Ismini oshkor etishni istamagan sotuvchining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, «prezident farmoni» bilan go‘sht narxiga 60 ming so‘mlik cheklov qo‘yilgan, shu bois u yog‘ va suyak qo‘shib berishga majbur bo‘lyapti. O‘tgan hafta xuddi shu go‘sht 70 ming so‘m bo‘lgan. Sotuvchining fikricha, narxni nazorat qilish befoyda, vaziyat yanada yomonlashadi, bundan avval ham shu kabi o‘xshamagan urinishlar ko‘p bo‘lgan.

Boshqa bir sotuvchi ham go‘shtni past narxda sotib, ko‘p yog‘-suyak qo‘shishga majburligini tan olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir bozorda 7 million so‘mdan kamiga 100 kiloli buqani topolmaysan. Bundan tashqari, chorva uchun yem narxi oshganini ham hisobga olish kerak (masalan, yirik shoxli qoramol uchun sentyabr oyi boshida birjada 5,8 million so‘m bo‘lgan maxsus yem narxi 6,9 million so‘mgacha ko‘tarilgan).

Oloy bozoridagi go‘sht rastalarida ham narx 60 ming so‘mdan past. Ayni vaqtda qimmat go‘sht ham bor. «Gazeta.uz» muxbiri 83 ming so‘mga bifshteks go‘sht sotib olgan. Bonfile esa avvalgidek narxda – bir kilosi taxminan 120 ming so‘mdan.

Yirik supermarket tarmoqlarida ham go‘sht narxi 60 ming so‘mdan oshmayapti. Tarmoqlar hozircha ushbu holat yuzasidan biror izoh bermagan. Qayd etish joiz, «Korzinka.uz» 17 oktyabr kuni Telegram’da go‘sht narxlari va suratlarini e’lon qilgan: ko‘krak va qovurg‘a — 52 990 so‘mdan, to‘sh — 58 890 so‘mdan, bo‘yin — 59 990 so‘mdan.

Avvalroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari narxlarni barqarorlashtirish uchun shakar, kartoshka, o‘simlik yog‘i, go‘sht, qoramol va parrandani tirik holda va ularni so‘yishdan olingan mahsulotlarni olib kirish, shuningdek ularni realizasiya qilish aylanmalarini qo‘shilgan qiymat solig‘idan vaqtincha ozod qilish taklifi bilan chiqqani ma’lum bo‘lgan edi.

Kiritildi: 08:15 19.10.2020. O'qildi: 9090 marta. Fikrlar soni: 2 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!